Misrda qulagan Rossiya samolyoti ekipaji o‘tgan hafta davomida bir necha bor dvigatel bilan bog‘liq muammolar yuzasidan shikoyat qilgan. Bu haqda, “RIA Novosti”ga asoslanib, “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Bu haqda “RIA Novosti”ga samolyot havo ko‘tarilgan Misrdagi Sharm-ash-Shayx aeroportidagi manba ma’lum qilgan.
“Ushbu layner o‘tgan hafta davomida dvigatelning ishga tushishi bilan bog‘liq muammolar sabab bir necha bor texnik xizmatga murojaat qilgandi”, — dedi manba.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning “Kogalimavia” aviakompaniyasiga tegishli samolyot 31 oktabr, shanba kuni Toshkent vaqti bilan 8:51 da Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburg tomon havoga ko‘tarilgan va oradan 23 daqiqa o‘tib radarlardan yo‘qolgan. Qulashdan avval samolyot parvoz balandligini keskin pasaytirgani aytilmoqda.
Bortida 224 kishi bo‘lgan samolyotning qulaganini Misr bosh vaziri devoni tasdiqladi, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa Misrga qutqaruvchilarni yuborishga shaylab qo‘yganini ma’lum qildi.
Izoh (0)