Rossiyaning “Kogalimavia” aviakompaniyasiga tegishli samolyot urib tushirilganini tasdiqlovchi birorta belgi yo‘q. Bu haqda, Reuters xabariga ko‘ra, Misr xavfsizlik xizmatlari vakillari ma’lum qildi.
Qayd etishlaricha, Rossiya aviakompaniyasining samolyoti dvigateldagi muammolar sabab Sinay yarimoroli shimolida qulagan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislarning qayd etishicha, Sinay yarimorolida mavjud jangarilar ixtiyorida 3—4 ming metr balandlikda parvoz qilayotgan laynerlarni urib tushirish imkonini beruvchi vositalar yo‘q.
E’tiborli tomoni, Flightradar24 portali ma’lumotlariga ko‘ra, aviahalokat arafasida Airbus 321 layneri parvoz balandligini keskin pasaytirgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning «Kogalimavia» aviakompaniyasiga tegishli samolyot 31- oktabr, shanba kuni Toshkent vaqti bilan 8:51 da Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburg tomon havoga ko‘tarilgan va oradan 23 daqiqa o‘tib radarlardan yo‘qolgan.
Bortida 224 kishi (217 nafar yo‘lovchi — ularning 17 nafari bolalar hamda ekipajning yetti a’zosi) bo‘lgan samolyotning qulaganini Misr bosh vaziri devoni tasdiqladi, samolyot qulagan hududda favqulodda holat tartibi joriy etilgan.
Izoh (0)