Ruminiya poytaxti Buxarestdagi Colectiv tungi klubida yuz bergan yong‘in oqibatida 200 kishi jabrlandi, 27 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Slon xabar bermoqda.
“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, jabrlanuvchilarning aksariyati 18—25 yosh oralig‘idagi yoshlardir. Ularning barchasi qattiq kuyish jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Aksariyat jabrlanuvchilarning ahvoli og‘ir, deb aytilmoqda.
Ruminiya poytaxtida joylashgan tungi klubdagi yong‘in 31-oktabrga o‘tar kechasi yuz berdi. Yong‘inga rok-konsert vaqtida otilgan mushak sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, muassasaning yog‘och shifti birdan alanga olgan, shundan so‘ng yagona chiqish yo‘li tomon katta tiqilinch yuzaga kelgan. Hodisa yuz bergan vaqtda bino ichida, turli ma’lumotlarga ko‘ra, 300—400 kishi bo‘lgan.
Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis Facebook’dagi sahifasi orqali hodisa natijasida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘agan, hozirgi vaqtda yong‘inni o‘chirish va qutqaruv ishlari yakuniga yetgan.
Izoh (0)