Maldiv respublikasi vitse-prezidenti Ahmad Idid davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olindi. Huquq-tartibot idoralari uning mamlakat prezidenti Abdulla Yaminga suiqasdga aloqadorligini o‘rganmoqda. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Maldiv ichki ishlar vaziri Umar Nosirning bildirishicha, vitse-prezident Dunidudagi tergov izolyatorida saqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 28-sentabr kuni Saudiya Arabistonidan haj safaridan qaytayotgan prezident katerida portlash sodir bo‘lgan. Abdulla Yaminning o‘zi hodisada jabr ko‘rmagan.
Mamlakat rasmiylari mazkur portlashni davlat rahbarini o‘ldirishga urinish, degan xulosaga kelgan.