Arab mamlakatlari BMT Xavfsizlik kengashini Falastinni Isroil okkupatsiyasi to‘xtamagunicha xalqaro himoyaga olish va Quddusdagi muqaddas joylar maqomini saqlab qolishga chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Arab davlatlari ligasi (ADL) bosh kotibi Nabil al-Arabiy Xavfsizlik kengashidagi chiqishi chog‘ida “Falastin aholisini xalqaro himoya ostiga olish zaruratga aylandi. Bu biz doim da’vat qilib kelayotgan tinchlik o‘rnatilishi uchun qulay muhitni yaratadi”, — deya ta’kidlagan.
Quddusdagi muqaddas joylar maqomini saqlash to‘g‘risida fikr yuritgan bosh kotib BMTning Yarashuv shartlari bajarilishini kuzatish organiga bu vazifani yuklash taklifini bildirgan. Al-Arabiyning fikricha, Quddusda ham faoliyat olib boradigan mazkur organ vakolatlari doirasini muqaddas joylarga ham tegishli bo‘ladigan darajada kengaytirish lozim.
Falastinliklarni himoya etish yuzasidan shoshilinch choralar ko‘rish va “Isroil tajovuzi”ni to‘xtatish chaqirig‘i bilan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qator arab davlatlari, jumladan, Livan, Kuvayt va Suriya vakillari chiqish qilgan.
Izoh (0)