Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Kuvayt hukumatining tashkilot ishlariga aralashuvi tufayli ushbu mamlakat futbol assotsiatsiyasini diskvalifikatsiyaga duchor qildi. Bu haqda FIFA matbuot xizmatiga tayanib, “Stadion” nashri xabar bermoqda.
“Assotsiatsiya va klublar o‘z faoliyatini mustaqil ravishda yo‘lga qo‘ygan zahoti diskvalifikatsiya bekor qilinadi”, — deyiladi FIFA bayonotida.
Ushbu diskvalifikatsiya tufayli Kuvayt milliy terma jamoalari va mamlakat klublari FIFA va OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi) homiyligi ostida o‘tkazilayotgan turnirlarda ishtirok eta olmaydi.
Chunonchi, OFK kubogida Dushanbening “Istiqlol” klubini o‘z maydonida 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan “Kuvayt” SK klubi diskvalifikatsiya tufayli turnirdagi ishtirokini yakunladi va “Istiqlol” javob uchrashuvi o‘tkazmasdan finalga yo‘l oldi. Darvoqe, final Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi va “Istiqlol”da “Nasaf”ning natijasini takrorlash uchun juda yaxshi imkoniyat bor.
Kuvayt milliy terma jamoasi esa JCh—2018 va OK—2019 ikkinchi saralash bosqichida G guruhida Janubiy Koreyadan keyin ikkinchi pog‘onada borayotgan va uchinchi saralash bosqichiga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan edi. Endi ikkinchi yo‘llanma uchun guruhdagi Livan, Laos va Myanma terma jamoalari kurashadi.
Izoh (0)