Makka yaqinidagi Mino vodiysida 24-sentabr kuni ziyoratchilar orasida yuzaga kelgan tiqilinch natijasida halok bo‘lganlar soni 1633 kishiga yetdi. Bu haqda, Bahraynning “Al-Vasat” gazetasiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Al-Vasat” mazkur axborotni fuqarolari Minodagi tiqilinchda halok bo‘lgan 31 mamlakat tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida e’lon qildi. Qayd etish joiz, Saudiya Arabistoni hukumati 26-sentabrdan buyon hodisaning yangi qurbonlari haqida axborot bergani yo‘q.
Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa natijasida 769 kishi halok bo‘lgan, 863 nafar ziyoratchi tan jarohatini olgan.
Bu yilgi Haj mavsumida 100 dan ortiq mamlakatlar qatnashdi. Tiqilinchda eng ko‘p eronliklar — 465 kishi halok bo‘ldi, shuningdek, halok bo‘lganlar ro‘yxatida 148 nafar misrlik, 120 nafar indoneziyalik, Hindistonning 100 dan ortiq fuqarosi bor. Aksariyat ziyoratchilar hozirga qadar bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda.
Mino vodiysidagi tiqilinch Haj tarixidagi eng ommaviy fojia bo‘ldi. Minoda 1990-yil iyulida yuz bergan shunga o‘xshash hodisa oqibatida 1426 nafar ziyoratchi halok bo‘lgandi.
Izoh (0)