MVP (inglizcha minimum viable product — minimal yashovchan mahsulot) — to‘liq miqyosda ishlab chiqilguniga qadar talabni sinab ko‘rish uchun mo‘ljallangan mahsulotning eng oddiy ishlaydigan prototipi. Bunday yondashuv tadbirkorni yakuniy mahsulotning talabgir emasligi va ishlab chiqarishga sarflangan manbalarni yo‘qotishdan saqlab qoladi.
Maqoladagi rasmda (chiziq ostida) to‘la-to‘kis avtomobilni yaratish uchun minimal ishchi mahsulotlar rolini, navbatma-navbat, skeyt, samokat, velosiped va mototsikl bajarmoqda. Ushbu mahsulotlarning har biri A nuqtadan B nuqtagacha yetib olish muammosini hal qiladi. Ularning har biri mustaqil ravishda ishlaydi (rasmning birinchi qismida esa g‘ildiraklar o‘zlaricha yura olmaydi, ular katta mahsulotning bir qismi xolos). MVP’ga mijozlar qiziqish bildirishi amalda o‘z isbotini topsa, mahsulotning funksiyalarini asta-sekinlik bilan murakkablashtirib, uni mijozlar uchun qulayroq holga keltiramiz.
MVP iste’molchining muayyan muammosini hal qiluvchi bor-yo‘g‘i bitta funksiyani bajaradi. MVP mahsulot ustida ishlashni ma’lum bir auditoriya talablariga muvofiq ravishda oxirigacha yetkazish yoki undan butunlay voz kechish uchun minimal urinishlar bilan axborot to‘plash imkonini beradi.
Biroq diqqatli bo‘ling: sifatsiz sinov mahsulotini chiqarmang. Iste’molchilar o‘ta xom sinov mahsulotini rad etadi, tadbirkor esa yanglishib, g‘oyaning o‘zini yaroqsizga chiqaradi.
Odamlar sotib olishni istaydigan mahsulotni maksimal darajada kam pul sarflagan holda ishlab chiqish kerak.
Ishlab chiqishni boshlashdan avval sizning MVP’ingiz nima ekanligini aniqlashtirib olishingiz kerak: mahsulotingiz qanday funksiyalarga ega bo‘lishi kerak, qanday funksiyalar esa majburiy emas?
MVP’ni ishlab chiqish haqida kelasi maqolalarda batafsil ma’lumot beramiz.
Loyiha “Daryo” va StartupFactory.uz tomonidan ishga tushirilgan.
Izoh (0)