Ko‘pchilik jarayonlar va menejmentni zerikarli va umidsiz deb, startaplarni esa qizg‘in va qiziqarli, qoidalarga bo‘ysunmaydigan deb hisoblashga odatlangan. Biroq buning aynan aksi to‘g‘ridir: startapni yaratish qat’iy qilib belgilangan muayyan qadamlarga ega aniq metodikaga bo‘ysunishi kerak.
Erik Risning “Biznesni noldan boshlash. G‘oyani tezkorlik bilan sinash va biznes-model tanlash uchun Lean Startup usuli” kitobi so‘nggi yillarda Kremniy vodiysida ham, butun dunyoda ham yosh tadbirkorlar uchun eng ommabop kitoblardan biriga aylandi.
Lean Startup modelini “Tejamkor startap” deb tarjima qilish mumkin va u startaplarni kam resurslar asosida qurishga ko‘mak beradi. Ko‘pchilik akseleratorlar, jumladan, StartupFactory.uz ham ushbu model bo‘yicha ishlaydi.
Erik Ris muvaffaqiyatlilari bilan bir qatorda, omadsiz loyihalarni ham boshidan o‘tkazgan, va u yosh startaplarga o‘zini tutib olish va omadga erishishda yordam berishga qaratilgan nazariy tizim ishlab chiqishga qaror qildi. Konsepsiya Yaponiyaning foydasiz jarayonlardan voz kechishga asoslangan “tejamkor ishlab chiqarish” modeliga borib taqaladi.
Lean metodologiyasi bizga biznesni vakuumda yaratish kerak emasligi — har qanday g‘oya real iste’molchilarda sinab ko‘rilishi hamda o‘zining zarurligi va qimmatini tasdiqlashi kerakligini o‘rgatadi. G‘oya faktlar bilan tasdiqlangachgina, loyihaga katta miqyosdagi investitsiyalarni kiritishni boshlash kerak.
Kitobxonga tekshirilmagan gipotezalarga asoslangan uzoq muddatli biznes-rejalarning barchasini uloqtirib yuborib, biznes va loyihalarni rivojlantirishga boshqacha — gipotezani amaliyotda tekshirib ko‘rish orqali yondashish taklif etiladi. Tezkorlik bilan mahsulotning minimal versiyasini chiqaramiz, foydalanuvchilarga uzatamiz, natijalarni baholaymiz va olingan ma’lumotlar asosida barchasini qaytadan bajaramiz — bu kitobning qisqacha mazmuni.
Mahsulotning minimal ishchi versiyasi nima ekanligi va Lean Startup haqida keyingi maqolalarda batafsil gapirib beramiz.
Loyiha “Daryo” va StartupFactory.uz tomonidan ishga tushirilgan.
Izoh (0)