Makka yaqinidagi Mino vodiysida haj amallaridan birini bajarish chog‘ida yuz bergan tirbandlik natijasida halok bo‘lganlar soni 769 kishiga yetdi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vaziri Holid al Falih ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant.ru”.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, hodisa natijasida jabrlanganlar soni 934 kishini tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, tiqilinch haj marosimlaridan biri — shaytonga tosh otish vaqtida ro‘y bergan. Marosim vaqtida 100 minglab odamlar bir joyga to‘planib qolgan va tartibsiz harakat qilgan.
Oldinroq 24-sentabr kuni yuz bergan baxtsiz hodisa tufayli 717 kishi halok bo‘lgani, 800 dan ortiq ziyoratchi jabrlangani xabar qilingan edi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati Saudiya Arabistonida o‘zbekistonlik hojilarga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi guruhga tayanib, hodisa qurbonlari va jabrlanuvchilari orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qildi.
Keyinroq esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Mino vodiysidagi fojia oqibatida o‘zbekistonlik ziyoratchilar halok bo‘lmaganini tasdiqladi.
Izoh (0)