Farg‘ona shahrida o‘tgan “Neftchi”ga qarshi uchrashuvdan so‘ng “Bunyodkor” FK bosh murabbiyi Sergey Lushchan iste’fo berdi. Bu haqda “Bunyodkor” FK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Klub rahbariyati uning arizasini ko‘rib chiqdi va iste’fo borasidagi murojaatni qabul qildi. Shuningdek, sobiq bosh murabbiyga klubda olib borgan faoliyati uchun minnatdorchilik bildirildi. Ayniqsa, Sergey Ivanovichning asosiy jamoaga bir necha yoshlarni jalb etgani va ularning mahoratini oshirishda katta hissa qo‘shganligi, qolaversa, turli yoshdagi terma jamoalarga qanchadan-qancha nomzodlarni yetishtirib berganligi alohida e’tirof etildi.
“Bunyodkor” FK rahbariyati Sergey Lushchanni uning avvalgi lavozimi – “Bunyodkor” futbol maktabi direktorligiga qaytarishni ma’qul topdi.
Sergey Ivanovich “Bunyodkor” FK bosh murabbiyi sifatida 2014-yilning 3-iyunidan 2015-yilning 22-sentabriga qadar faoliyat yuritdi. Shu vaqt oralig‘ida u “qaldirg‘ochlar”ga 56 ta uchrashuvda ustozlik qildi. Shularning 31 tasida g‘alaba, 9 ta bahsda durang va 16 ta uchrashuvda mag‘lubiyat qayd etildi. To‘plar farqi 77-44, “Bunyodkor” foydasiga. Uning boshchiligida “qaldirg‘ochlar” ikki bor mamlakat kubogi finaliga yo‘llanma oldi.
Izoh (0)