Kecha, 18-sentabr kuni Oloy bozori yaqinidagi Biznes markazda ro‘y bergan yong‘in yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonot berdi.
“2015-yilning 18-sentabr kuni taxminan soat 18 dan 46 daqiqa o‘tganda Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Markaziy dispetcherlik xizmatiga shaharning Amir Temur shoh ko‘chasida joylashgan 12-qavatli Biznes markazi binosining tashqi tomonida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga poytaxtning yong‘in o‘chirish qismi xodimlari tezda yetib borgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida soat 19 dan 33 daqiqa o‘tganda yong‘in qurshab olingan va tezkorlik bilan bartaraf etilgan.
Yong‘in sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish natijasida yong‘in binoning isitish tizimida olib borilgan payvandlash ishlari paytida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaganligi oqibatida kelib chiqqanligi aniqlandi. Qurbonlar va jarohat olganlar yo‘q”, — deyiladi IIV bayonotida.
Izoh (0)