Qoraqalpog‘istondagi Igor Savitskiy nomli Davlat san’at muzeyi kollektivi direktor Marinika Bobonazarovaning ishdan bo‘shatilishiga qarshi chiqdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muzey saytiga joylangan norozilik xatiga asoslanib.
“Biz bir oydan oshiq vaqt davomida kollektivimizga o‘tkazilayotgan bosim va muammolarni ortiq yashira olmaymiz. Muzeyning 100 yiligi munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlari arafasida direktorimiz noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilishi holatiga jamoatchilik e’tiborini qaratishni so‘raymiz. Kollektiv sodir bo‘layotgan qonunsizlikdan norozi”, — deyiladi matnda.
Xodimlarning O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedovga yo‘naltirilgan maktubida aytilishicha, ular xorijiy OAVlarda e’lon qilingan uydirma xatga nisbatan chuqur noroziligini bildiradi. “Xatda keltirilgan faktlarning hech qaysi biri haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deya ta’kidlanadi unda.
Dunyoga taniqli muzey xodimlari madaniyat va sport ishlari vazirligidan yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritish, tuhmat xati muallifini aniqlash va uni javobgarlikka tortishni so‘radi.
Ular, shuningdek, muzey fondlari bo‘yicha inventarizatsiya tekshiruvini o‘tkazish tartibining buzilishi yuzasidan tergov tashkil qilib, muzeyga nisbatan qo‘yilgan kolleksiyadagi eksponatlarni o‘g‘irlash ayblovini o‘rganish uchun ekspert komissiyasi tuzishga chaqirmoqda.
Izoh (0)