18-iyul kuni Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport saroyida boks bo‘yicha APB (AIBA Pro Boxing) musobaqasining 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida birinchi bosqichning ikkinchi uchrashuvlari o‘tkazildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Unda o‘zbekistonlik Xurshid Tojiboyev rossiyalik Dmitriy Polyanskiy bilan 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarildi.
Bu ikki tajribali charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi jang kutilganidek o‘ta murosasiz ruhda o‘tdi va unda Xurshid Tojiboyevning qo‘li baland keldi.
Shunday qilib, Rio—2016 o‘yinlariga yo‘llanma olgan o‘zbekistonlik sportchilar safi yana bittaga kengaydi.
Ushbu kechada, shuningdek, reyting janglar ham o‘tkazildi. Unda filippinlik Charli Suares italiyalik Domeniko Valentinoni (Italiya), Chitu Shafiq (Benin) esa Artur Bril (Germaniya)ni ochkolar hisobiga mag‘lubiyatga uchratdi. Devid Joys (Irlandiya) va Robson Konseysao (Braziliya) jangi durang natija bilan yakuniga yetdi.
Ma’lumot uchun. Joriy yilning 30-may kuni Toshkentda APB (AIBA Pro Boxing) musobaqasining 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvida Xurshid Tojiboyev irlandiyalik Devid Joysni 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Ushbu janglarning uchinchi bosqich ya’ni finalida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bokschi chempionlik kamariga ega bo‘ladi. Bu uchrashuv ham Toshkentda 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)