Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolaridan biri G‘afur G‘ulom bog‘i va “Bunyodkor” stadioni oldidagi chorrahada kuzatuv kameralari onlayn rejimida ishlayotganini ma’lum qildi.
Foydalanuvchi hozircha kameralar sinov rejimida ishga tushganini qo‘shimcha qilgan. Xabar ostida izoh qoldirgan guruhning yana bir a’zosi sinov rejimida boshqa chorrahalarda ham kameralar ishga tushgani va ularning soni 30 tadan ortib ketgani haqida yozgan. Foydalanuvchilar kameralarning to‘liq ishga tushishiga oz qolganini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i X. A. Saydaliyev Toshkent shahridagi 120 ta chorrahaga video kuzatuv moslamalari o‘rnatilishi, keyinchalik ularning soni ortishini “Daryo”ga ma’lum qilgandi. Yangi tizim qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetishi bilan ishga tushiriladi. Bu haqda u ishga tushishidan avval harakat ishtirokchilariga OAV orqali batafsil ma’lumot beriladi.