AQSh maxsus xizmatlarining Fransiya prezidentlariga nisbatan razvedka faoliyati ikkala mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari uchun nomaqbuldir. Bu haqda Fransiya hukumati rasmiy vakili Stefan Le Fol ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlarda bunday amaliyot bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. O‘z navbatida, Le Fol bu AQSh-Fransiya munosabatlari inqiroziga olib kelmasligi zarurligini ta’kidlagan.
Fransiya prezidenti Fransua Olland tomonidan Yelisey saroyida o‘tkazilayotgan Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi yakunida ham Parij Vashingtondan ushbu ma’lumot yuzasidan tushuntirish talab qilishi to‘g‘risida bayonot berilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 23-iyun kuni Libération gazetasi va Mediapart sayti tomonidan WikiLeaks bilan hamkorlikda o‘tkazilgan jurnalist tekshiruvi natijalari e’lon qilindi. Unda aytilishicha, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi 2006—2012-yillarda Fransiyaning uch prezidenti — Jak Shirak, Nikolya Sarkozi va Fransua Olland, shuningdek ularning eng yaqin yordamchilarining telefon suhbatlarini eshitgan va elektron xatlarini o‘qigan.
Izoh (0)