AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Ned Prays AQSh maxsus xizmatlari Fransiya prezidenti Fransua Ollandning telefon suhbatlarini eshitmasligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
“Biz prezident Ollandning aloqa vositalarini kuzatmaganmiz va hech qachon kuzatmaymiz”, — dedi Prays. U AQSh va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlikni “almashtirib bo‘lmaydigan” deb atagan, biroq avval Fransiya prezidentlarining telefon suhbatlari eshitilgani yoki eshitilmaganiga oydinlik kiritmagan.
Avvalroq, Fransiya hukumati rasmiy vakili Stefan Le Fol AQSh maxsus xizmatlarining Fransiya prezidentlariga nisbatan razvedka faoliyati ikkala mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari uchun nomaqbul ekanligini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot uchun, 23-iyun kuni Libération gazetasi va Mediapart sayti tomonidan WikiLeaks bilan hamkorlikda o‘tkazilgan jurnalist tekshiruvi natijalari e’lon qilindi. Unda aytilishicha, AQSh Milliy xavfsizlik agentligi 2006—2012-yillarda Fransiyaning uch prezidenti — Jak Shirak, Nikolya Sarkozi va Fransua Olland, shuningdek ularning eng yaqin yordamchilarining telefon suhbatlarini eshitgan va elektron xatlarini o‘qigan.
Izoh (0)