Yaponiyalik olimlar saratonni erta bosqichda aniqlash imkonini beruvchi yangi uslubni ishlab chiqishdi. Gazeta.ru xabariga ko‘ra, mazkur uslub yordamida shikastlangan hujayralar bor-yo‘qligini bir tomchi qon yordamida 3 daqiqada aniqlash mumkin.
Seva universiteti huzuridagi kasalxona va yuqori aniqlikdagi tibbiy tahlillar sohasida tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan MYTECH kompaniyasi mutaxassislari yangi uslub ustida 2013-yildan beri ishlab kelayotgan edi.
Bu uslub bo‘yicha maxsus metall plastinaga bemorning qoni qo‘yiladi. Shundan so‘ng unga ultrabinafsha nurlar yordamida ta’sir ko‘rsatiladi. Plastinani tayyorlashda ishlatilgan metallning o‘ziga xosligi sabab, saraton bilan zararlangan qon hujayralari nur taratishni boshlaydi.
Bu holat DNK molekulasi tarkibiy qismlaridan biri hisoblangan nukleosomalarda kasallik ta’siri ostida ro‘y bergan o‘zgarishlar sabab amalga oshadi. Sog‘lom odamlarning qoniga shunday ta’sir ko‘rsatilsa, hech qanday reaksiya kuzatilmoqda.
Tadqiqotlarda jami 20 kishi ishtirok etgan bo‘lib, tahlillar har safar aniq va to‘g‘ri natijani ko‘rsatdi.
Izoh (0)