Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Toshkentda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax hamda Osiyo Olimpiya qo‘mitasi raisi Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabah rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Ushbu tashrif doirasida sport olamining martabali mehmonlari poytaxtimizda yangi bunyod etilgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi bilan yaqindan tanishdi. Tomas Bax va Al-Sabah ushbu koshonaga yuqori baho berdi. Ular eng zamonaviy tibbiy uskunlar bilan jihozlangan doping nazorati markazi va sportchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Shuningdek, mehmonlar tashrif rejasiga muvofik, Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida ham bo‘lib, o‘zbekistonlik sportchilarining turli yillarda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga guvoh bo‘lishdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sportga qaratilayotgan yuksak etibor natijasida yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda yuqori ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritayotganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish borasidagi islohotlarga ham yuksak baho berildi. Yaqin yillar ichida o‘zbekistonlik sportchilar jahon arenlaridagi g‘alabali odimlari yanada oshishi haqida iliq fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida olimpiya sport turlari buyicha o‘zbekistonlik sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Shundan so‘ng, martabali mehonlar Toshkentdagi muhtasham “Bunyodkor” stadionida ham bo‘ldi. Shu yerning o‘zida ular o‘z tassurotlarini OAV bilan o‘rtoqlashdi.
“O‘zbekistonga bundan 15 yil avval kelgan edim. Hozir mamlakatingiz tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan. Hamkasblarim O‘zbekistonda sportga katta e’tibor qarataliyotganini aytishgandi. Bugun men shaxsan o‘zim guvoh bo‘ldim. Yurtingiz sportchilarining jahonda erishayotgan yutuqlari tahsinga loyiq. Tez orada yana yangidan-yangi chempionlar yetishib chiqishiga ishonman! Albatta, kelasi yili Braziliyada o‘tkaziladigan Yozgi olimpiya o‘yinlarida ham o‘zbekistonlik sportchilar yuqori natijlarni qo‘lga kiritishiga ham ishonch bildirib qolaman”, — dedi Tomas Bax.
Izoh (0)