Italiyalik neyrojarroh Serjio Kanavero odam boshini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha tarixdagi ilk operatsiyani amerikaliklar puliga o‘tkazishga umid qilmoqda. Bu haqda u 12-iyun kuni AQShda bo‘lib o‘tgan Neyrojarrohlar va ortoped jarrohlar akademiyasi konferensiyasida aytib o‘tdi, deb yozadi “Clarin.com”.
“Bill Geyts kabi millionerlar mening umidli loyihamni qo‘llab-quvvatlasa bo‘lardi”, — dedi Kanavero nutq so‘zlar ekan. U operatsiyaning moliyalashtirilishini Oy yuzasiga birinchi qo‘nishni amalga oshirgan “Appolon-11” kemasi parvoziga ko‘mak berilishi bilan qiyosladi.
Kanavero o‘z g‘oyalari aynan AQShda qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirishini ta’kidladi. “Amerikaliklar, sizlardan o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘rayman — men o‘zimnikini qo‘shdim, hayotimning 30 yilini sarfladim”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Eslatib o‘tamiz, 8-aprel kuni boshni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiya uchun ilk nomzod Rossiyaning Vladimir shahrida yashovchi 30 yoshli dasturchi Valeriy Spiridonov bo‘lishi ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)