AQSH Mudofaa vazirligi xodimlari 2013-yilning 1-iyulidan 2014-yilning 30-iyuniga qadar bo‘lgan muddat oralig‘ida xizmat safarlari xarajatlarini qoplash uchun berilgan davlat kartalarining 950 ming dollardan ortiq mablag‘larini kazinolarga ishlatib yuborishgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Meduza.io xabar bermoqda.
Pentagon hisobotida qayd etilishicha, yana 100 ming dollarga yaqin mablag‘ “kattalar uchun mo‘ljallangan” muassasalar uchun sarflangan. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH armiyasi harbiy xizmatchilari qariyb 350 ming dollar, AQSH harbiy-havo kuchlari vakillari 400 ming, flot xizmatchilari esa 100 ming dollar pulni kazinoda yutqazishgan.
Mudofaa vazirligi vakillarining qayd etishicha, bu holat davlat mablag‘lari o‘yin-kulguga sarflanayotganini bildirmaydi. Pentagondan ma’lum qilishlaricha, odatda harbiy xizmatchilar o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan xarajatlarni qoplab berishadi, xizmat safarlari uchun mo‘ljallangan kartalardan esa oila a’zolaridan kazinoga borishlarini yashirish maqsadida foydalanishadi.
“Bizda 1,6 million kishida shunday kartalar bor”, - deya ma’lum qildi Pentagon vakili Neytan Kristensen Newsweek nashriga. Uning qo‘shimcha qilishicha, hisob davridagi jami to‘lov operatsiyalarining faqat bir foizini shubhali tranzaksiyalar tashkil etadi.
Izoh (0)