Rossiyaning “Progress-M-27 M” fazoviy yuk kemasi taxminan 8-may kuni orbitadan chiqib ketadi. Meduza.io’ning xabar berishicha, bu haqda AQSH fazoviy operatsiyalar strategik qo‘mondonligi birlashgan markazi (USSTRATCOM) ma’lum qilgan.
Fazoviy kema bo‘laklari taxminan koordinatalari 35 daraja shimoliy kenglik va 113 daraja g‘arbiy uzunlik bo‘lgan nuqtaga – AQSHning Tinch okeani sohillari yaqiniga qulaydi.
Avvalroq Shimoliy Amerika havo-koinot mudofaa qo‘mondonligi (North American Aerospace Defense Command, NORAD) “Progress” 9-may kuni orbitadan chiqib ketishi va Kubadan 1,6 ming kilometr sharqda, Atlantika okeaniga qulashini taxmin qilgandi.
O‘z navbatida, “Roskosmos” fazoviy kema bo‘laklari Yerga 5-7-may oralig‘ida qulashini ma’lum qilib, aniq qayerga qulashini hodisaga kamida bir-ikki kun qolganida batafsil aytish mumkinligini qayd etib o‘tgandi.
Ma’lumot uchun, “Soyuz” raketa-tashuvchisi “Progress” fazoviy kemasi bilan 27-aprel kuni Moskva vaqti bilan 10:09da Baykonurdan uchirilgan edi. “Progress” hisobdagi orbitaga chiqa olmadi, undan telemetrik axborotni olib bo‘lmadi.
Rossiyaning Parvozlarni boshqarish markazi fazoviy kema bilan aloqani tiklashga bir necha bor muvaffaqiyatsiz urinib ko‘rdi, shundan so‘ng “Progress” nazoratsiz ravishda orbitadan chiqib ketayotgani e’lon qilindi.