Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Islom Karimovni O‘zbekiston Prezidenti saylovidagi g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tabrik telegrammasida Rossiya davlat rahbari saylov yakunlari Islom Karimovning fuqarolar orasida yuksak obro‘-e’tiborga egaligini yana bir bor tasdiqlashini va uning davlat rahbari lavozimidagi xizmatlarini, shuningdek mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojidagi dolzarb muammolarni yechishda erishgan muvaffaqiyatlari tan olinganidan dalolat berishini qayd etgan.
Rossiya Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoqchilik va strategik sherikchilik munosabatlarini mustahkamlashda O‘zbekiston Prezidentining ulkan shaxsiy hissasini e’tirof etdi va ikki tomonlama aloqalarni, mintaqaviy va xalqaro ishlardagi konstruktiv o‘zaro harakatni yanada rivojlantirishdagi muloqot va birgalikdagi ishlar davom ettirilishiga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga binoan Islom Karimovga saylovchilarning 90,39 foizi ovoz bergani ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)