Germanwings aviakompaniyasining Airbus A320 layneri uchuvchilaridan biri aviahalokatdan avval kabinani tark etgani ma’lum bo‘ldi, deya xabar bermoqda Meduza tergovda qatnashayotgan harbiylardan biriga tayanib. Uning so‘zlariga ko‘ra, “qora quti”dan olingan yozuvda uchuvchi qaytadan kabinaga kirmoqchi bo‘lgani, biroq buni uddalay olmaganini eshitish mumkin.
Manbaning ta’kidlashicha, uchuvchi dastlab eshikni sekin taqillatgan, so‘ng qattiqroq urgan, shundan keyin esa eshikni urib sindirmoqchi bo‘lgan, biroq uddalay olmagan. Oxir-oqibat u kabinaga kira olmagan.
Nashr qayd etishicha, “qora quti” yozuvi aviahalokatning ba’zi tafsilotlarini ochib beradi, biroq samolyot nima uchun qulagani va qulash jarayoni sakkiz daqiqa davom etgan bo‘lsa-da, nima sababdan uchuvchilar halokat signalini yubora olmagani to‘g‘risidagi savollarga javob bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, 24-mart kuni Barselonadan Dyusseldorfga parvoz qilayotgan Airbus A320 samolyoti Fransiya janubida, Alp tog‘lari ustida halokatga uchrashi oqibatida layner bortida bo‘lgan 150 kishining barchasi halok bo‘lgan edi.
Izoh (0)