Formula-1 poygalarining yetti karra chempioni Mixael Shumaxerning rafiqasi Korinna Shumaxer Norvegiyaning Tryuile hududida joylashgan oilaviy uyini qariyb 3 million dollar evaziga sotdi, deb xabar bermoqda “Abcnyheter.no”.
Shuningdek, Shumaxer 2000-yilda o‘zining uchinchi chempionligiga erishganda foydalangan Ferrari F-2000 bolidi, Falcon 2000EX shaxsiy samolyoti ham sotuvga qo‘yilgan. Shu tariqa sportchining oilasi uning davolanishi xarajatlarini qoplashga urinayotgani aytilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Shumaxerning tiklanishi uchun hozirgacha 15,3 million dollardan ortiq mablag‘ ishlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, sportchi 2013-yilning oxirida Alp tog‘larida chang‘idan yiqilib, o‘ta og‘ir jarohat olgan edi. U olti oy sun’iy koma holatida yotdi. 2014-yil sentabrida esa Jeneva ko‘li bo‘yidagi uyiga olib kelinib, tiklanish muolajalarini olishni boshladi.
Qayd etilishicha, Shumaxer hozirda to‘liq to‘shakka mixlanib qolmagan, u muolajalar orasida deraza oldida o‘tirishi mumkin. Shuningdek, u qarindoshlarini taniy boshlagan, biroq yuz mushaklaridan olgan jarohati bois gapira olmaydi.
Izoh (0)