Yakunlangan mavsumni Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida o‘tkazgan markaziy yarim himoyachi Fozil Musayev kelgusi taqdirini nafaqat Eronning, balki butun Osiyo qit’asining mashhur klublaridan sanalmish “Sepaxon” bilan bog‘ladi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Bugun imzolangan shartnoma 2016-yilning may oyiga qadar amal qiladi.
Hujumkor yarim himoyachi va uning agenti San’at Sharipov Tehronga 26-dekabr kuni uchib ketgandi. Ular poytaxtdan Isfaxonga yetib borgach, futbolchi tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Shundan so‘ng, Eronning to‘rt karra chempioni futbolchi bilan bir yarim mavsumga mo‘ljallangan bitimga imzo chekdi.
“Musayev forslar o‘lkasida unga oson bo‘lmasligini yaxshi bilib turibdi. Barchaga ma’lumki, Eron Pro-ligasi Osiyodagi eng kuchli milliy birinchiliklardan hisoblanadi. Qatarda oliy divizion debyutanti ‘Al-Meayzer’ tarkibida bir tekis o‘ynab ketish unga og‘ir kechgandi.
Endi esa uni kuchli jamoadoshlar bilan birga to‘p surish kutmoqda. O‘ylaymanki, tarkibidagi o‘yinchilari orasida kuchli raqobat mavjud ‘Sepaxon’da Fozilda o‘ziga bo‘lgan talab yanada ortadi va biz uning yangi qirralari ochilishini albatta ko‘ramiz”, — dedi o‘yinchining agenti San’at Sharipov.
Futbolchining o‘zi ham kuchli klubga o‘tganini va bu yerda uni qanday mas’uliyat kutib turganini his etayotganini ta’kidladi. “Sepaxon” 33 ochko bilan chempionatda hozir “Naft” (Tehron) bilan 1—2-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Jamoa faqat va faqat chempionlikni maqsad qilgani tushunarli.
“Shuning uchun men ham o‘z o‘yinlarim bilan yangi jamoam muvaffaqiyatlariga alohida hissa qo‘shib, isfaxonlik ishqibozlarni albatta xushnud etish niyatidaman”, — dedi Musayev.
Eslatib o‘tamiz, “Sepaxon” safida ayni damda Xodi Agili, Moharram Navidkiya, Ehson Hojisofi, Muhammad Rizo Xalatbari kabi taniqli futbolchilar to‘p suradi.
Izoh (0)