Munisa Rizayevaning ma’muri Jahongir bir necha odamni katta pulga chuv tushirib, o‘zi Qozog‘istonga qochib ketganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar berdi Sayyod.com.
Ayni damda tuman IIBda Munisa Rizayevadan tortib Afruz guruhigacha bo‘lgan shou-biznesning qator vakillari jabrlanuvchi sifatida sarsongarchilikni boshidan o‘tkazmoqda.
Qayd etilishicha, Jahongirdan boshqalarga nisbatan Munisa Rizayeva ko‘proq jabr ko‘rib, katta pulga tushgan. Ayni damda tergov ishlari boshlang‘ich jarayonda bo‘lgani bois summa va mazkur ish bilan qaysi tuman IIB shug‘ullanayotgani ma’lum qilinmadi.
Shunga qaramay, “Jahongirni gumonlanuvchi va ayblanuvchi sifatida ta’kidlashimiz ham noo‘rin va bu xabarni rasmiy deb qabul qilmaslik maqsadga muvofiq!” — deb qayd etdi Sayyod.com.
Munisa Rizayevaning aytishicha, Jahongir xonandaning bu mavsumdagi qator to‘ylari, xususan, noyabrgacha o‘tkaziladigan to‘ylarga ham pullar (kimlardandir to‘liq, kimlardandir “zaklad” yarim puli)ni oldindan olgan.
“Mayli, Olloh guvoh, kuylash va ishlashda davom etishim kerak, shuncha odam jabr ko‘rishiga yo‘l qo‘ymayman va meni to‘yga taklif qilib, unga pul berib, yozilganlarning hammasini to‘yiga borib xizmat qilib kelaman. Pullar muhim emas hayotda, odamgarchilik-ku, — dedi Munisa. — Jahon menga akadek va kerak bo‘lsa otamdek inson edi, shunchalik unga ishonardim... qancha odamlarni chuv tushiribdi... Siz tasavvur ham qilmayapsiz qanday miqdordagi pullar haqida gap ketayotganini, judayam katta pullar”.
Ayni damda Munisa o‘ziga kelgan va ishga sho‘ng‘igan. U konsertga tayyorlanmoqda, repetitsiyalar avjida.
Munisa yangi ma’muri Jasur ekanligi, sobiq ma’muri Jahongir kimdan “zaklad” olgan bo‘lsa murojaat qilishlarini va ular (ro‘yxatda) yozilgan bo‘lsa, borib xizmat qilib kelishini aytib, instagramda e’lon qoldirdi.