Anjelina Joli va Bred Pitt 23-avgust kuni turmush qurdi, deya xabar bermoqda Associated Press aktyorlarning matbuot kotibiga tayanib. To‘y marosimi Fransiyada bo‘lib o‘tgan.
Nikoh marosimi kichik ibodatxonada oila va do‘stlar davrasida o‘tkazilgan. Ta’kidlanishicha, Pitt va Joliga nikoh qayd etilgani haqidagi hujjatni Kaliforniya sudyasi topshirgan.
Tantanada kinoyulduzlarning farzandlari ham ishtirok etdi. Joli mehrob yoniga o‘z o‘g‘illari Meddoks va Paks hamrohligida borgan, Zaxara va Vivyen gul yaproqlarini sochgan, Shaylo va Noks esa uzuklarni keltirgan.
Nashrning eslatishicha, juftlik 2012-yil aprelda unashtirilganliklarini ma’lum qilgan edi.
Joli uchun bu uchinchi nikohdir. Bundan avval u Jonni Li Miller va Billi Bob Tornton bilan turmush qurib, ajrashgan. Bred Pitt esa bungacha Jennifer Eniston bilan nikoh tuzib, besh yillik turmushdan so‘ng 2005-yilda ajrashgan. Rasmiy bo‘lmagan ma’lumotlarga ko‘ra, aktyorning Joli bilan munosabatlari “Mister va missis Smit” filmini suratga olish jarayonida — hali Eniston bilan ajrashib ulgurmay, boshlangan.
Pitt va Jolining olti farzandi bor, ularning uch nafari asrab olingan.
Izoh (0)