O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon Rossiya Birinchi kanalidagi “Toch v toch” (“Xuddi o‘zginasi”) shousining o‘ninchi turida pop-qo‘shiqchi Rianna qiyofasida sahnaga chiqdi. Bu haqda 12news.uz xabar berdi.
“Toch v toch”ning navbatdagi bosqichida Sevara sakkizta Grammy, oltita American Music Awards va maxsus Icon Award, 18 ta Billboard Music Awards mukofotlari sovrindori Riannaning Diamonds deb nomlangan taronasini ijro etdi.
Hakamlar hay’ati a’zolari o‘zbek xonandasining chiqishini a’lo darajada, deb baholadi va unga maksimal 20 ball qo‘ydi. Keyinroq, betaraf hakam Sevara ijrosini 5 ballga loyiq, deb topdi va u jami 25 ball to‘pladi.
Eslatib o‘tamiz, Sevara Nazarxon mazkur shouning birinchi raundida 23 ochko bilan beshinchi o‘rinni, ikkinchi bosqichida 21 ochko bilan to‘qqizinchi o‘rinni, uchinchi turida 25 ball to‘plab, to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi. To‘rtinchi raundda Sevara Dmitriy Koldun va Irina Dubsova bilan bir xil — 24 ball, beshinchi bosqichda 23 ball, oltinchi va yettinchi turlarda 24 balldan, shuningdek, maxsus sakkizinchi turda 25 ball, to‘qqizinchi raundda esa 22 ball to‘plagan edi.
Izoh (0)