Janubiy Koreyaning halokatga uchragan “Sevol” paromi qurbonlari soni 242 kishiga yetdi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi ma’lumotiga tayanib “Kun” xabar bermoqda.
4-mayga o‘tar kechasi g‘avvoslar kemaning ichki xonalaridan yana olti jasadni olib chiqqan.
So‘nggi kunlarda qutqaruvchilar kema halokatga uchragan joydan 30 kilometr masofada bir necha jasadni topgan. Shu sabab Janubiy Koreya hukumati barcha qurbonlarni topa olmasligidan xavotir bildirmoqda. Noqulay ob-havo sharoiti va kuchli suvosti oqimi boshidan qidiruv-qutqaruv ishlariga xalal berib kelmoqda.
Kemada jami 476 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, 174 kishi qutqarib qolingan, yana 60 kishi esa bedarak yo‘qolgan deb gumon qilinmoqda.
“Sevol” paromi 16-aprel kuni Janubiy Koreya qirg‘oqlari yaqinida halokatga uchragan edi. Omon qolganlarning so‘zlariga ko‘ra, kema halokatga uchraganidan so‘ng ekipaj yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun hech qanday choralar ko‘rmay, faqat xotirjamlikka chaqirgan. Bundan tashqari, cho‘kayotgan kemadan birinchi falokat signali parom ekipajidan emas, balki qo‘rqib ketgan boladan kelgan. Shundan so‘ng qutqaruv xizmatlari kemadagi bolalardan yana 20 ta shoshilinch xabar qabul qilgan.
Hozirgi vaqtda kema ekipajining barcha a’zolari hibsga olingan, ular mas’uliyatsizlik hamda dengiz va daryolarda qutqarish hamda yordam berish to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganlikda ayblanmoqda. Kemaning 68 yoshli kapitani Li Chjun Sok umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Izoh (0)