O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon Rossiya Birinchi kanalidagi “Toch v toch” (“Xuddi o‘zginasi”) shousining to‘qqizinchi turida opera qo‘shiqchisi Anna Netrebko qiyofasida sahnaga chiqdi. Bu haqda 12news.uz xabar berdi.
Navbatdagi bosqichda Sevara “Janni Skikki” operasi repertuaridan, 1918-yilda italiyalik bastakor Jakomo Puchchini tomonidan yozilgan O mio babbino caro ariyasini ijro etdi.
Hakamlar hay’ati a’zosi, dunyo operasi yulduzi, musiqa fanlari doktori, professor Lyubov Kazarnovskaya Sevarani dadilligi uchun maqtadi, biroq uning chiqishini 4 ballga baholadi. Leonid Yarmolnik va Anna Ardova ham xuddi shunday baho qo‘ydi. Faqatgina komediya aktyori Aleksandr Revva Sevaraning chiqishini a’lo darajada, deb baholadi. Betaraf hakam — aktyorlik mahorati bo‘yicha o‘qituvchi Danila Dunayev o‘zbek xonandasiga 5 ball qo‘ydi va Sevara 22 ochko bilan 10-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, Sevara Nazarxon mazkur shouning birinchi raundida 23 ochko bilan beshinchi o‘rinni, ikkinchi bosqichida 21 ochko bilan to‘qqizinchi o‘rinni, uchinchi turida 25 ball to‘plab, to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi. To‘rtinchi raundda Sevara Dmitriy Koldun va Irina Dubsova bilan bir xil — 24 ball, beshinchi bosqichda 23 ball, oltinchi va yettinchi turlarda 24 balldan, shuningdek, maxsus sakkizinchi turda 25 ball to‘plagan edi.
Izoh (0)