O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2014-yil 16-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32-, 78-, 93-, 98-, 103- va 117-moddalariga)”gi Qonunga imzo chekdi. Qonunning rasmiy matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida e’lon qilindi, deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z saytida.
Qonunda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar hokimiyat hamda boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirish, “kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, ichki va tashqi siyosatning strategik vazifalarini amalga oshirishdagi huquq va vakolatlarini kengaytirish, Vazirlar Mahkamasi hamda ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan qonun chiqaruvchi oliy organning, hokimiyat vakillik organlarining nazorat funksiyalarini kuchaytirish, shuningdek, hukumat, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi mas’uliyatini oshirish maqsadida kiritilmoqda.
Qonunga binoan Konstitutsiyaning 6 ta moddasiga tegishli ravishda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bular quyidagilar:
- 32-modda. Fuqarolarning siyosiy huquqlari.
- 78-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari.
- 93-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolatlari.
- 98-modda. Vazirlar Mahkamasi.
- 103-modda. Viloyat, tuman va shahar hokimlari va xalq deputatlari Kengashi.
- 117-modda. Saylov tizimi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2014-yil 27-martda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2014-yil 10-aprelda ma’qullangan edi.
Izoh (0)