2014-yil 10-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Senatorlar O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ijro etish yuzasidan tayyorlangan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qonun fuqarolarning davlat organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, ular faoliyatining shaffofligini, ochiqligini ta’minlashga, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan qarorlar sifati uchun javobgarligini oshirishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan keyin senatorlar O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 18-iyuldagi “Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini yangi tahrirda ko‘rib chiqdi.
Qonun korporativ boshqaruv va nazorat organlarining vakolatlarini, huquqlari va mas’uliyatini yanada aniq belgilab qo‘yishga, bozor munosabatlarini qo‘llanish amaliyotini hamda ularni rivojlantirishning yangi real voqeliklarini hisobga olgan holda aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlari, umumiy yig‘ilishlari va taftish komissiyalarining rolini hamda ahamiyatini oshirishga, aksiyadorlik kompaniyalari faoliyatining shaffofligini va hamma aksiyadorlar va potensial investorlar uchun aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga doir axborotdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilganligi qayd etildi.
Senatorlarning fikricha, Qonun bozor islohotlarini yanada demokratlashtirishga hamda aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyatini liberallashtirishga, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga, o‘rta mulkdorlar sinfining iqtisodiyotdagi ahamiyatini va ishtirokini oshirishga, moliya bozorida raqobatni yanada chuqurlashtirishga, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi davom etmoqda.
Izoh (0)