Qozog‘iston Majlisi (parlamentning quyi palatasi) hukumatning yangi rahbari nomzodini tasdiqladi. Shu paytgacha prezident ma’muriyatini boshqarib kelgan Karim Masimov Bosh vazir lavozimini egalladi. Deputatlar uni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi, deb yozadi “Tengrinews” nashri.
Yangi bosh vazir nomzodini ilgari surgan mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev allaqachon uning lavozimga tayinlanishi haqidagi farmonni imzoladi, deya xabar beradi “Novosti-Kazaxstan” nashri. Respublika rahbari Masimovning avval ham shu lavozimda ishlaganini e’tirof etib o‘tdi: “U eng qiyin bo‘lgan 2007–2009-yillarda faoliyat yuritdi, biz orqaga ketishlarga, ishsizlik oshib ketishiga yo‘l qo‘ymadik”.
Karim Masimov ham, o‘z navbatida, bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik izhor etdi hamda shu paytgacha prezidentga ko‘makchi bo‘lib kelganligini va bundan keyin ham shunday bo‘lishini ta’kidladi.
Yangi bosh vazir Qozoq davlat boshqaruv akademiyasini va Pekin tillar institutini bitkazgan, iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega. Turli yillarda u bank tizimida ishlagan, Mehnat vazirligida bosh iqtisodchi, keyin prezident yordamchisi bo‘lib ishlagan. Masimov Transport vaziri va iqtisodiyot vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2007–2012-yillarda Bosh vazir lavozimida ishlagan, keyin esa prezident ma’muriyati rahbarligiga tayinlangan.
Xabarlarga ko‘ra, 2012-yildan buyon Qozog‘iston Bosh vaziri bo‘lib kelayotgan Serik Axmetov 2014-yil 2-aprelda iste’foga chiqdi. Ommaviy axborot vositalarida buning mamlakatda yaqinda o‘tkazilgan devalvatsiya bilan bog‘liqligini taxmin qilishmoqda.
Izoh (0)