“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov uning bosh direktori lavozimidan ketmaydigan bo‘ldi. 3-aprelga o‘tar tunda u kompaniyaning direktorlar kengashiga xat yo‘llab, ketishi haqidagi arizasini qaytarib oldi. Bu haqda Forbes nashri xabar bermoqda.
“Mening ishdan ketishim kompaniyamiz uchun keraksiz tashvishlar tug‘dirishi haqidagi ma’lumotlar yetib kelganidan so‘ng, men qolishga va bosh direktor sifatida ishni davom ettirishga qaror qildim”, – deyiladi xatda.
Ijtimoiy tarmoqning eng yirik aksioneri United Capital Partners jamg‘armasida ham Durovning xati olinganligini tasdiqlab, barchasiga oydinlik kiritilganidan keyin ma’lumot berishlarini aytishdi.
Pavel Durov “VKontakte” bosh direktori lavozimidan ketmoqchi ekanligini 1-aprel kuni, ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida ma’lum qilgan edi. Shu sababli ayrim nashrlar, jumladan, “ITAR-TASS” buning hazil bo‘lganligini ta’kidlashmoqda. Biroq Mail.ru Group internet-kompaniyasining hamkorlikdagi sohibi Alisher Usmonov bu masalaga jiddiy qarab, Durovni olib qolish uchun hamma ishni qilishini aytgan.
Izoh (0)