AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi Kichik Jorj Bush prezidentligi davrida maxfiy qamoqxonalardagi mahbuslarning xavfliligini oshirib ko‘rsatib, davlat ma’muriyatini hamda jamoatchilikni chalg‘itib kelgan. AQSh Senatining razvedka ishlari bo‘yicha qo‘mitasi ma’ruzasida shunday deyiladi, deb yozadi “Interfaks” axborot agentligi.
Senat qo‘mitasining 6,3 ming sahifalik ma’ruzasida ta’kidlanishicha, ko‘p yillar mobaynida MRB o‘z tergov dasturlarining turli jihatlari haqida yolg‘on ma’lumotlar berib kelgan. Jumladan, mahbuslarga nisbatan qiynoqlar qo‘llanishi, terrorchilik bilan bog‘liq ayrim ishlarning ahamiyati hamda maxfiy turmalarda saqlanayotganlarning xavflilik darajasi oshirib ko‘rsatilishi hollari yuz bergan.
AQSh Kongressi vakillarining fikricha, 2002-yili paydo bo‘lgan hamda Guantanamo va Abu-Greyb qamoqxonalarida qo‘llanilgan “tergovning takomillashgan texnikasi” terrorizmga qarshi kurashda amaliy yordam berganligini ko‘rsatuvchi hech qanday dalil yo‘q.
MRBdagilar ushbu ma’ruzani sharhlashdan bosh tortishdi, ammo boshqarmaning o‘z shaxsini oshkor etishni istamagan ayrim xodimlari ma’ruzaning “xatolar va noto‘g‘ri xulosalarga to‘la” ekanligini aytishgan.
Senat 3-aprel – payshanba kuni qo‘mita tayyorlagan ma’ruzani ovozga qo‘yishi kutilmoqda, agar u ma’qullansa, ma’ruzaning qisqacha bayoni oshkor etish uchun prezident Barak Obamaga yuboriladi.
Ma’ruzaning xalqqa ma’lum qilinishi, The Washington Post nashrining ta’kidlashicha, Markaziy razvedka boshqarmasi hamda Federal qidiruv byurosi o‘rtasidagi eski ziddiyatlarni qayta jonlantirishi mumkin.
Izoh (0)