Afg‘onistonning Balx viloyatida “Tolibon” nomahram ayolga qo‘l tegizgan erkakni jamoat oldida qamchiladi. Bu haqda mamlakat Oliy sudi xabar berdi.
![](/static/2024/04/03/photo_2024-04-03_14-45-53-ZxCXKg0m.jpg)
Sud “nomahram ayolga teginishda” ayblangan shaxsni 25 darra qamchilash va olti oy qamoq jazosiga hukm qilgan. Aybdorni qamchilash jazosi 2-aprel kuni omma oldida ijro etilgan.
“Noqonuniy aloqalar va haromga teginish zino sanaladi, islom dinida bu fahsh ish hisoblanadi, aybdor jazoga loyiq”, — deydi Balxdagi “Tolibon” arbitraj sudi rahbari Muhammad Gulab Faruqiy.
Bundan oldin ham “Tolibon” odamlarni noqonuniy munosabatlar, zinokorlik va uydan qochish ayblovlari bilan sud qilib, omma oldida qamchilagan. 2-aprel kuni “Tolibon” Oliy sudi tomonidan Xost va Qandahor viloyatlarida besh kishiga qamchilash jazosi berilgan.
Bu odamlarning jazolanishi jamoatchilik orasida norozilikka sabab bo‘lga va tanqidchilar buni inson qadr-qimmatiga zid deb hisoblaydi. Ammo yaqinda “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda aybdorlarni ochiq tarzda, jumladan, ayblanuvchilarni omma oldida qamchilash va ayollarni toshbo‘ron qilishni davom ettirishga chaqirgandi.