Taniqli bolalar shoiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Buloqcha” jurnali bosh muharriri Raim Farhodiy vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Raim Farhodiy 1942-yil 16-may kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1955-yili Samarqand tibbiyot institutini, 1971-yili Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan.
U 1967-yildan buyon Yoshlar tashkiloti lektori, “Zvezda Vostoka” jurnali sheʼriyat bo‘limi mudiri, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti bosh muharrir o‘rinbosari, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slova” gazetalari madaniyat bo‘limi muharriri va boshqa nufuzli tashkilotlarda turli vazifalarda ishladi. Ayni paytda u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Rusiyzabon adabiyot kengashi raisi, “Buloqcha” (“Rodnichok”) bolalar jurnali bosh muharriri sifatida ishlab kelayotgan edi.
Raim Farhodiy bolalar uchun 50 dan ortiq sheʼriy va nasriy kitoblar yozgan. U o‘zbek bolalar sheʼriyatidan asarlarni, Navoiy, Bobur g‘azallarini rus tiliga tarjima qilgan.
Uning ijodida bolalarni tabiatni sevishga undash yetakchilik qiladi. Raim Farhodiy 1989-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 1999-yil “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.