Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 4-aprel kuni Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammadali Iskandariyni qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni, shuningdek, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.
Davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqot, o‘zaro tashrif va uchrashuvlar turli sohalardagi aloqalarini kengayishiga muhim turtki bergani alohida qayd etilgan.
Muloqot chog‘ida tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 503,4 mln dollarni tashkil etgani, bu ikki mamlakat salohiyatiga umuman javob bermasligi, ushbu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarurligi taʼkidlangan.
Transport logistikasi, tibbiyot va farmatsevtika, texnik muhandislik, fan va texnologiyalar sohalarida hamkorlik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar borligi, mazkur yo‘nalishdagi loyihalar ikkala tomon uchun ham birdek manfaat keltirishi aytib o‘tilgan.
Parlamentlararo aloqalar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashning amaliy mexanizmi ekanligidan kelib chiqib, do‘stlik guruhlari va qo‘mitalar darajasidagi muloqotlar muntazamligini taʼminlash, o‘zaro tashriflarni faollashtirish bo‘yicha fikr almashilgan.
Xalqaro tashkilotlar doirasida ham konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olingan.