Qashqadaryo hokimi Zafar Ro‘ziyev Hindistonning Xalqaro biznes palatasi rahbari Manpret Singh Nagiga viloyatda Hindistonning nomdor tibbiy klinikalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Hokim Zafar Ro‘ziyev Manpret Singh Nagi bilan Muborak tumanida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro biznes forum doirasida uchrashgan.

— Bizning viloyatimiz dorivor giyohlarga boy hudud. Ayniqsa, tog‘li hududlarimizda ko‘plab dorivor va foydali o‘simliklarni kuzatish mumkin. Keling, xalqimizning ehtiyoji va yurtimizning boy tabiatini hisobga olib, nomdor klinikalaringiz filiallarini shu yerda ochaylik, — dedi viloyat hokimi.

Viloyat hokimining taklifi Manpret Singh Nagiga ma’qul kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, sentabr oxirida 20 kishilik delegatsiya Qashqadaryoga tashrif buyurib, viloyat tog‘laridagi dorivor giyohlarni o‘rganadi. So‘ngra dorivor giyohlar ishlab chiqarish va qadoqlash yo‘nalishi bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, kelishuv imzolanishi nazarda tutilgan.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Muborak tumanida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro biznes forumda 20 dan ortiq davlatdan 30 dan ziyod xorijiy investorlar qatnashmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, 27—28-sentabr kunlari Shahrisabz shahri ham xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlikni ko‘zda tutuvchi xalqaro biznes forumga mezbonlik qiladi.