O‘zbekistonda 2019-yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: O‘zA

Qarorga ko‘ra:

  • mashinada terilgan 1 tonna paxta uchun — 600 000 so‘m xizmat haqi;
  • qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda — 800 so‘mdan, ikkinchi terimda — 1200 so‘mdan;
  • mavsum mobaynida terim otryadi rahbarlariga har oyda 2 million so‘mdan, terim markazlari rahbarlariga 3 million so‘mdan mehnat haqi to‘lanadi.

Shuningdek, paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga va klasterlarga paxtani terib olish uchun banklar tomonidan yillik 16 foiz stavkada kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, qarorga ko‘ra 2019-yil hosilini qisqa muddatda yig‘ib olish, terimchilar bilan o‘z muddatida hisob-kitob qilish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 2020-yilda qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratiladi.