Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga muvofiq, O‘zbekistonda 2019-yil 1-oktabrdan boshlab yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi. Bu o‘zbekistonlik avtohavaskorlar tomonidan uzoq kutilgan yangilikdir.

Foto: “Gazeta.uz”

“Mening fikrim”da 14 mingdan ortiq ovoz to‘plagan istak

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga 2018-yil 14-oktabr kuni fuqaro Amirbek Kenjayev tomonidan “Avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimini bekor qilish” to‘g‘risida petitsiya qoldirilgan edi (petitsiya 2019-yil 2-yanvarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun yetarli — 10 mingta ovoz to‘plagan edi).

Unda, jumladan, shunday deyiladi:

“Mashinasi bor odamlar yaxshi biladi. Bizda shunday tartib belgilanganki, oila a’zolari, yaqin qarindoshlar bir-birining mashinasidan maxsus ishonchnomasiz foydalana olmaydi. Soddaroq aytsak, bitta uyda, hovlida yashasak ham men otamning, otam mening nomimga rasmiylashtirilgan avtotransportdan foydalanishi uchun ancha vaqt va pul sarflab ishonchnoma olishimiz shart.

Aka-ukalar, opa-singillar bilan ham xuddi shunday ahvol. Bu ham oilaviy byudjetga zarar, ham hujjat tayyorlash uchun ko‘p vaqt sarflaysiz. Begona odamlarga ishonchnoma berishni tushunish mumkindir, lekin ota-ona bolasi, aka-uka, opa-singil bir-biriga ishonchnoma berishi, ochig‘ini aytsak qadriyatlarimizga ham, mentalitetimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

1990-yillarda mashina o‘g‘irlash bilan bog‘liq voqealar ko‘p edi. Balki o‘sha paytda bu tizim o‘zini oqlagandir. Lekin hozirgiday yurtimiz innovatsion jihatdan rivojlanib borayotgan, “Xavfsiz shahar” tizimi ishga tushirilgan, yo‘llarimizda videokameralar ishlab turgan paytda bunaqa ishonchnoma berish tartibiga zarurat bormikan?

Avtotransport vositalaridan foydalanishda yaqin qarindoshlarning bir-biriga ishonchnoma berish tartibini bekor qilish kerak. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi, oilaviy byudjetga ham yordam bo‘ladi. Ham ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi”.

Keyinroq, 2019-yil bahorida ushbu jamoaviy murojaat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgani, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtotransport vositasini ishonchnomasiz boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum bo‘ldi.

Qo‘mita AQSh, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gollandiya, Polsha, Fransiya, Chexiya, Shveysariya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova kabi mamlakatlarda transport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma talab etilmasligi, balki sug‘urta polisi transport vositasini boshqarish uchun kifoya qilishini qayd etib o‘tgan edi.

Qo‘mita qarori e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimining bekor qilingani haqida xabarlar tarqalib ketgan va “Mening fikrim” portali bu xabarlarni rad etib chiqishga majbur bo‘lgan edi.

Qarindoshlar o‘rtasidagi avtoishonchnomalardan davlat qancha pul ishlagan?

O‘zbekistonda 2018-yilda avtotransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish bo‘yicha notarial tasdiqlangan ishonchnomalar soni 670 mingdan (ularning 343 mingtasi yaqin qarindoshlar o‘rtasida) oshib, ulardan jami 222,7 milliard so‘m davlat boji undirilgan (shundan 31,8 milliard so‘m yaqin qarindoshlardan), gerb yig‘imi esa 19,3 milliard so‘m (9,8 milliard so‘m yaqin qarindoshlardan)ni tashkil etgan.

Izoh: Materialning dastlabki ko‘rinishida yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi avtoishonchnomalarning bekor qilinish sanasi 2020-yil 1-yanvar deb xato ko‘rsatilgan edi. Yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun “Daryo” mushtariylaridan uzr so‘raymiz.