2019-yilning iyun oyida iste’mol bozorida yil davomida birinchi marta umumiy narxlar darajasining pasayishi kuzatilib, oy davomidagi deflyatsiya ko‘rsatkichi 0,5 foizni tashkil qilgan edi, deb xabar berdi Spot.

Foto: Spot

Iyul oyida ham iste’mol bozorida o‘rtacha narxlar darajasining pasayishi qayd etilib, oy davomidagi deflyatsiya ko‘rsatkichi 0,4 foizni tashkil qildi.

Umumiy hisobda 2019-yilning yanvar-iyul oylari davomida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,2 foizga qimmatlashdi.

2018-yilning iyul oyiga nisbatan respublika iste’mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 13,5 foizga ko‘tarilgan.

2019-yilning iyunidan boshlab oy davomida umumiy iste’mol narxlari darajasining pasayishi asosan mavsumiy tendensiyalar va ommaviy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Iyul oyi natijalari bo‘yicha tovarlar narxlari 0,6 foizga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,3 foizga pasaydi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 0,4 foiz, xizmatlar esa 0,2 foizga qimmatlashdi.

Yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 4,6 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,7 foiz, xizmatlar 5,6 foizga qimmatlashdi.