O‘zbekistonda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, shahar va kishloqlarning me’moriy qiyofasini loyihalashtirishda innovatsion yondashuvlar va qurilish sifatini tahlil qilish, “aqlli shahar” konsepsiyasini joriy etish borasida mutaxassislar tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Foto: O‘zA

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi Qutlimurat Babashev quyidagilarni ma’lum qildi:

—Mamlakatda shaharsozlik sohasi 100 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar bilan tartibga solinmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi asosiy hujjat Shaharsozlik kodeksi bo‘lib, unda sohani tartibga solish bo‘yicha zarur norma va tushunchalar berilgan. Qurilish ishlarini amalga oshirishda birinchi navbatda inson xavfsizligini ta’minlashga alohda e’tibor qaratiladi.

Biroq sohada muammolar ham bor. Bugungi kunda amaldagi 337 ta shaharsozlik norma va qoidasi, 128 ta davlat standarti mavjud bo‘lib, ularning ko‘pi zamon talablariga javob bermayapti. Mavjud 1200 ta shahar, aholi punktlari bosh rejalarining taxminan 70 foizini qayta ishlab chiqish zarur. Ayni paytda qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish esa 30-40 foizni tashkil etmoqda. Qurilish obyektlarida ishlayotganlarning 80 foizdan ortig‘i quruvchi emas.

Sifatni boshqarish tizimida xalqaro tan olingan usullar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, birinchi galda sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish zarur. Kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, bo‘lajak mutaxassislarni malakasini oshirish kerak. Shuningdek, sifatli qurilish materiallarini ishlab chiqarishda tabiiy sharoitni hisobga olish, sinov-laboratoriyalarini zarur jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rish lozim. Muhimi, loyihalash-qurilish ishlari jarayonida yuqori aniqlikni ta’minlash bugungi kunning asosiy talablaridan biri.