“Daryo”ga Kitob tumanida yashovchi G‘olib Egamberdiyev murojaat qilib, 12-iyun kuni Kitob tuman markaziy shifoxonasining tug‘uruq bo‘limida tug‘ilgan farzandi qon yutib, nafas ololmay qolgani bois vafot etganini bildirdi. Va bu borada shifokorlarni o‘z vaqtida kerakli yordamni ko‘rsatmaganlikda aybladi.

Voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida, “Daryo” muxbiri Kitob tumani tibbiyot birlashmasida bo‘ldi.

Kitob tumani tibbiyot birlashmasi.
Foto: “Daryo”

— 12-iyun kuni kech 16:30 da homilador ayolim bezovta bo‘la boshladi, — deydi murojaatchi G‘olib Egamberdiyev. – Tezda shifoxonaga olib keldim. “Roddom”dagi navbatchi shifokorga ayolimning ahvoli og‘irligini tushuntirib, operatsiya qilinishi lozimligini bildirdim.

O‘sha kuni G‘olib Egamberdiyev ayoliga kerakli dori-darmonni keltirgach, shifokorlar yordam ko‘rsatishgan. Suv aralash qon ketish holati qisman bo‘lsa-da, bartaraf etilgan. Shundan so‘ng, “UZI” qilingan. G‘olib Egamberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, tug‘ilajak farzand 37 haftalik ekanligi aytilgan. Shifokorlar esa hozirda homila o‘shanda 35 haftalik edi demoqda.

Foto: “Daryo”

G‘olib Egamberdiyevning ayoli, bemor Gulasal Avlayorovani dastlab bo‘lim navbatchi shifokori Sanobar Xudoyorova qabul qilib olgan bo‘lsa, ishni shifokor Maqsuda Sobirova davom ettirgan.

— Ayolim o‘zi tug‘ishga qiynalishini, unga yordam zarurligini ta’kidladi, — deydi G‘olib Egamberdiyev. – Shuning uchun ham men shifokorlarga farzandimizning operatsiya qilinib bo‘lsa-da, tug‘ilishiga rozi ekanligimni bildirdim. Darhol operatsiya qilishlari lozimligini aytdim. Biroq quloq solishmadi.

Shifokor Sanobar Xudoyorovaning ta’kidlashicha, Gulasal Avlayorovada haqiqatdan ham suv aralash qon ketish holati kuzatilgan, ammo bunga qarshi chora ko‘rilgach, xavf bartaraf etilgan. Bemor holati operatsiya qilishni talab qilmagan.

— Menga og‘ir ahvoldagi bemor keldi, deya xabar berishgach, o‘sha zahoti birinchi qavatga tushdim, — deydi Sanobar Xudoyorova. – Yo‘l-yo‘lakay “UZI” apparatini ham chaqirtirdim. Nazoratdan o‘tkazdik. Aniqlanishicha, bola 35 haftalik ekan. Demakki, bolaning dunyoga kelishiga hali erta. Kam miqdorda qon ketgani ma’lum bo‘lgach, qon ketishiga qarshi davo choralarini ko‘rdik. Soat kechki 8 ga yaqin bemorda dard kelish holati kuzatildi. O‘shanda ona o‘zi bemalol farzandini dunyoga keltiradi deya vaziyatni kuzata boshladik. Bu paytda operatsiya qilishga hojat yo‘q edi.

G‘olib Egamberdiyev farzandi kechki soat 22:40 da dunyoga kelganini, ammo tug‘ilganda yig‘lamaganini, nafas olishga qiynalib, hiqillagan tovush chiqarganini aytmoqda. Buni uning ayoli Gulasal Avlayorova ham tasdiqladi.

G‘olib Egamberdiyev.
Foto: “Daryo”

— Kechki payt 22:40 da farzandim tug‘ildi, — deydi G‘olib Egamberdiyev. – O‘sha payt deraza ortida bo‘lganim uchun farzandim nafas ololmay uch marta hiqillagan tovush chiqarganini eshitdim. Bundan xavotir olib, tezda xabarlashdik. Meni ichkariga kiritmagach, opam ichkariga urib kirib bordi. Biroz o‘tib men ham ichkariga kirdim. Kirsam farzandim vafot etgan ekan. Keyin bilsak farzandim qon yutib, tomog‘iga tiqilgan qon sababli, nafas ololmay vafot etgan ekan.

Shifokor Maqsuda Sobirovaning ta’kidlashicha, har qanday chaqaloq tug‘ilganda ona qornidagi homilani o‘rab turuvchi suyuqlik — qog‘onoq suvlarini yutadi.

— Bemorni qabul qilganimda ahvoli normal holatda edi, — deydi Maqsuda Sobirova. – Qon ketish holati kuzatilmasdi. Ahvoli nazoratimiz ostida edi. Soat kechki 22:00 ga borib, bemorda dard paydo bo‘ldi. To‘lg‘oq davri boshlandi. Farzandini o‘zi dunyoga keltirishini kuta boshladik. Bola kechki payt soat 22:40 da tug‘ildi. Bola tug‘ilgan payt yig‘lamadi. Nafas ham olmayotgandi. Sun’iy nafas beruvchi “Ambu” meshogini uladik. Keyin nafas ola boshladi. Rangi qizardi. Shundan so‘ng bola yutgan qog‘onoq suvlarini tozalab, kindigini kesib yotqizdik. Va pediatr nazoratiga topshirdim.

Bo‘limda ishlovchi shifokor, Gulasal Avlayorova istiqomat qiluvchi hudud shifokori Nilufar Azimovaning qo‘shimcha qilishicha, tug‘ilayotgan bola nafaqat qog‘onoq suvi bilan birga, qonli ajralmalarni ham yutishi mumkin. Nilufar Azimova endigina tug‘ilgan chaqaloqda hatto qon yutish holati ham uchrab turishini, shaxsan ish tajribasida bu kuzatilganini bildirdi.

— Gulasal Avlayorova birinchi farzandini 2014-yil dunyoga keltirgan bo‘lsa, ikkinchi farzandini 2018-yil tuqqan. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay homilador bo‘lishi nafaqat tug‘ilajak farzandi, o‘zi uchun ham zararli ekanligini tushuntirganman, — deydi Nilufar Azimova. – Eng yomoni homila 35 haftalik ekanligida tug‘ilayapti. Chala tug‘ilgan bola baribir nimjon bo‘ladi.

Mohichehra Egamberdiyeva.
Foto: “Daryo”

G‘olib Egamberdiyev va opasi Mohichehra Egamberdiyevalar 2014 va 2018-yillarda tug‘ilgan bolalar ham 35 haftalikda dunyoga kelganini ta’kidlab, bu farazni inkor etmoqda. Ularning ta’kidlashicha, chaqaloq tug‘ilgan payt shifokorlar ehtiyotsizligi sabab nafaqat qon yutgan, shuncha qiynalsa-da hatto sun’iy nafas beruvchi kislorod ham ulanmagan.

— Ichkariga kirib borganimda jiyanimni tepaga, chaqaloqlar bo‘limiga do‘xtir nazoratiga topshirishgan ekan, — deydi Mohichehra Egamberdiyeva. – Ammo chaqaloq nafas olmayotgandi. Shunchaki qo‘l kuchi bilan sun’iy nafas berishayotgan ekan. “Kislorod” ulashlarini so‘radim. Shunda bolalar shifokori “bizda kislorod yo‘q” dedi. Pastga tushib, Nazarov degan shifokorga ham kislorod kerakligini, chaqaloqqa ulashlari lozimligini aytdim. Nazarov esa “navbatchi shifokori kim bo‘lsa, o‘sha olib kelib ulasin” dedi. Shifokor Sobirovani izlab, shifokorlar xonasiga kirib borsam, u choy ichib o‘tirgan ekan. Shunda jahl ustida choynak-piyolani sindirdim.

Singan choynak va piyola bo‘laklari.
Foto: “Daryo”

Maqsuda Sobirova Mohichehra Egamberdiyeva o‘sha kuni uni haqorat qilib, hatto qo‘l ko‘tarishgacha borganini aytmoqda.

— Men o‘sha kuni o‘z ishimni sidqidildan bajardim, — deydi Maqsuda Sobirova. – Ammo shunday bo‘lsa-da, taqdir ekan. Chaqaloq nobud bo‘ldi. Mohichehra Egamberdiyeva meni eshitmasdan, holatda meni ayblab, haqorat qildi. Hatto qo‘l ko‘tardi.

Maqsuda Sobirova.
Foto: “Daryo”

Kitob tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Hakim Saidovning ma’lumot berishicha, Mohichehra Egamberdiyevaga nisbatan o‘sha kungi xatti-harakati uchun tuman IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan ish ochilgan.

— Menga holat haqida o‘sha kuni yarim kechasi soat 1 ga yaqin xabar berishdi, — deydi Kitob tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Hakim Saidov. – Kelsam bo‘limda IIB, tuman prokuraturasi vakillari bor ekan. Bor voqeani aytishdi. Ma’lum qilishlaricha, chaqaloqning ammasi ushbu holatda shifokorni ayblab, unga qo‘l ko‘targan. Natijada tuman IIB tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi bilan ish ochilgan.

Hakim Saidov.
Foto: “Daryo”

Bosh shifokor ushbu jarayonda shifokorlar Sobirova hamda Xudoyorovalarni bemorning yaqinlari bilan suhbat o‘tkazib, ona va bola holati haqida batafsil ma’lumot bermaganlikda aybladi.

— Shifokorlarimizning yagona aybi, o‘sha kuni bemorning yaqinlariga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holat haqida ma’lumot berib, tushuntirish ishlarini olib borishmagan, — deydi tuman tibbiyot birlashma bosh shifokori. – Oqibatda bundayin tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Bolalar shifokori Nodira Shoimova “chaqaloqqa “kislorod” ulanmadi” degan iddaoni rad etib, unga kislorod shart bo‘lmaganini, kislorod bemalol nafas ola boshlagan chaqaloqlarga ulanishini ta’kidlamoqda.

— Hamshiralarga kislorodni tayyorlab qo‘yishlarini aytgandim, — deydi Nodira Shoimova. – Agar bola bemalol nafas ola boshlasa ulaymiz deb.

G‘olib Egamberdiyev va Mohichehra Egamberdiyevalar esa o‘sha payt bolalar shifokori kislorod yo‘qligidan noliganini, o‘zlari esa Nazarov ismli shifokorga kislorod olib kelishi lozimligini qayta-qayta uqtirganini bildirmoqda.

Kitob tuman prokurori T.Murodovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, ushbu holat yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv-tergov harakatlarini boshlab yuborgan.

— Odatda shifoxonada onalar yoki bolalar o‘limi qayd etilsa, murojaat qilinsa-qilinmasa tuman prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib boriladi. Maqsad bola o‘limida shifokorlarning qay darajada aybi bor-yo‘qligini aniqlash. Bu ish yuzasidan 12-iyunning o‘zidayoq tergov-surishtiruv ishlari boshlab yuborilgan. Vafot etgan chaqaloqning kasallik tarixi ham bizning qo‘limizda, shunday ekan buni hech kim o‘zgartirolmaydi. Agarda o‘lim holatidan o‘sha kuni xabar topmaganimizda bizga 10–15 kunda xabar berib, balki kasallik varaqasidagi ma’lumotlarni o‘zgartirishlari mumkin edi. Demakki, bundan xavotir olinmasa ham bo‘ladi. Boisi barcha hujjatlar bizda. Sud ekspertiza natijalari chiqsa, barcha haqiqat ayon bo‘ladi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev