Farg‘ona tumani Yoshlarobod qishlog‘i hududida N.T ayni shu transport vositasiga tegishli bo‘lmagan Nexia rusumli davlat raqami 40 S 899 AA avtomashinani boshqarib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib tekshirilganda uning qilmishi fosh bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Mazkur avtomashina Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli, 1996-yilda ishlab chiqarilganligi, kuzov va dvigatel raqamlari ham aniqlandi.

N.T ning ko‘rsatmasi asosida uning Farg‘ona shahridagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, hovlisida 1 dona Nexia rusumli avtomashina turgani, u ham Qirg‘iziston Respublikasiga tegishli transport vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, N.T va A.Qlar Qirg‘izistonga borib, u yerdagi tanishidan 89 ming qirg‘iz so‘miga 2 dona Nexia rusumli avtomashinani sotib olgan. 600 dollar evaziga aylanma yo‘llar orqali, bojxona nazoratini chetlab, Farg‘ona tumani hududiga olib o‘tgan.

Ular boshqa avtomashinaning davlat raqamlarini noqonuniy olib o‘tilgan mashinaga qadab olishgan. 2 dona Nexia rusumli avtomashinani ehtiyot qismlarga ajratgan holda O‘zbekiston hududida sotib foyda ko‘rmoqchi bo‘lgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida mazkur avtomashinalar O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatga olinmaganligi, shuningdek, GM Uzbekistan AJ da ishlab chiqarilmagani, ashyoviy dalil tariqasida olingan mazkur mashinalarning qiymati 44 million 500 ming so‘mni tashkil qilishi aniqlangan.

Viloyat bojxonasi boshqarmasi tomonidan ularga nisbatan ish hujjatlari to‘planib, Farg‘ona shahar ma’muriy sudiga yuborilgan. Sud tomonidan huquqbuzarlarga nisbatan tegishli jazo tayinlanib, 2 dona Nexia rusumli avtomashina davlat foydasiga musodara qilindi.