“Daryo” jahon matbuotida oxirgi kunlarda ko‘tarilgan asosiy mavzularga to‘xtalib o‘tadi.

Putin Rossiyaga immigrantlar oqimini ko‘paytirmoqchi

Foto: Google Photos

Shveysariyaning Le Temps nashri o‘tayotgan haftada Rossiyadagi demografik vaziyatning yomonlashuvi Kremlning mamlakatga millionlab rus tilli odamlarni jalb qilishga majbur qilayotgani haqida yozdi. “Kommersant” gazetasi ham o‘tgan hafta rasmiy Kreml Rossiyaga 5 milliondan 10 milliongacha immigrantni jalb qilishi borasida xabar tarqatgan edi. Dasturga muvofiq, Putin hukumati migratsiya siyosatini ustuvor siyosat deb bilib, harakatlar rejasini imzolagan va bu dasturni amalga oshirish uchun idoralararo komissiya tuzishga buyruq bergan. Bir narsani nazardan qochirmaslik kerak: gap faqat sobiq sho‘ro respublikalaridan kelayotgan rus tilini yaxshi bilmaydigan immigrantlarni qabul qilish haqida ketmoqda.

Rejaning maqsadga muvofiqligi borasida shubha yo‘q, sababi Rossiyada demografik vaziyat og‘ir. 2018-yilda Rossiya aholisi birinchi marta 146,8 million nafarga tushib qoldi. Ishga yaroqlilar va nafaqadagilar o‘rtasidagi mutanosiblik salbiy tus olgan. Hukumat olib brogan tug‘ishni rag‘batlantirish siyosati barbod bo‘ldi. Mamlakatning iqtisodiy hayoti esa faqatgina immigrantlarga bogliq bo‘lib qolmoqda. Millionlab yangi vatandoshlarga ega bo‘lish uchun Rossiyada yuqori hayot darajasi ta’minlanishiva infratizim yaratish uchun jiddiy qadamlar tashlanishi talab etiladi.

“Ammo, deb yozadi Le Temps, Rossiya iqtisodiyoti 2013-yildan beri qisqarib bormoqda va immigrantlar soni ham har qachongidan kam”.

Ustiga-ustak Rossiyadagi millatchilik va ksenofobiyaning kuchayib borayotgani ham immigrantlar sonining kamayishiga turtki bo‘lmoqda. Rossiyaga ishga ketayotgan sobiq sho‘ro respublikalari aholisi asosan musulmonlardan iborat.

Mazkur dasturning ish berishi ham ancha murakkab, chunki Putin hokimiyat tepasiga kelgach, rus vatandoshlarini mamlakatga qaytarish borasida ancha dasturlar qabul qildi, ammo ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

AQSh uchun asosiy xavflar nimalardan iborat?

The New York Times nashri AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsenning mamlakat uchun asosiy xatar nimadan iborat ekanligi borasidagi bayonotini chop etdi. Vazir asosiy xavf kiberxatarlardan iborat ekanligi va bu hech ham prezident Donald Tramp e’lon qilgan favqulodda vaziyat bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan.

Foto: Google Photos

“Kibermakon bir vaqtning o‘zida ham xavf o‘chog‘i, ham qurol, ham nishon bo‘lib qolmoqda”, — degan Kirsten Nilsen.

Ichki xavfsizlik vazirligi immigratsiya agentlari va bojxona xodimlari ustidan nazoratni amalga oshiradi, ular esa Tramp uchun noqonuniy immigrasiyaga qarshi kurashning oldingi qatorida turadi. Ammo ichki xavfsizlik vaziri kiberhujumlar xavfli ekanligiga urg‘u berdi.

Nilsen o‘z bayonotida rasmiy Kreml va Putinni tanqid qilar ekan, aynan ular amerikacha demokratiya tamoyillariga putur yetkazayotganini ta’kidlaydi. Vazirning fikriga ko‘ra, o‘rtacha hisobda amerikalik fuqaro yoki AQSh kompaniyasi Rossiya, Xitoy, Eron va Shimoliy Koreya tarafidan uyushtirilayotgan kiberhujumlarga dosh bera olmaydi. Vazir qora niyatlilarning uchoqlarni o‘g‘irlashidan ko‘ra internet tarmoqlarini buzib kirayotganlardan ko‘proq xavfsirashini bildirgan.

The New York Times nashrining yozishicha, Nilsen o‘zi bosh bo‘lgan vazirlik 2020-yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik xavfsizligini ta’minlashiga ishonadi. Shu bilan birga, vazirlik xodimlari AQSh raqamli tarmoqlarini buzishga uringanlarni ta’qib qilishda davom etadi.

“Meni qora niyatli kuchlarning nima qilganliklari emas, aksincha, nima qilishlari mumkinligi ko‘proq xavotirga soladi”, — degan Kirsten Nilsen xonim.

Putin Nazarboyevdan o‘rnak oladimi?

Foto: Google Photos

Le Figaro nashrining yozishicha, eski sovet kadri Nazarboyev prezidentlik saylovidan bir yil oldin voz kechib, Markaziy Osiyo sarhadlaridan chetroqqa, Kremlgacha o‘ziga xos signal berdi. 2024-yilda Putin ham o‘z vakolatlarini tugatishi kerak. U Nazarboyevdan o‘rnak oladimi?

Nazarboyev budjetdagi qiyinchiliklardan qochib, o‘ziga faqat strategik ahamiyatga ega bo‘lgan vakolatlarnigina qoldirdi va o‘z qizi — 55 yoshli Darig‘a Nazarboyevani senat rahbari qilib tayinladi.

Kremlshunoslarning fikricha, Putin bunday qilmaydi, chunki Rossiya prezidenti, ozroq bo‘lsa-da, shaxsga sig‘inish tarafdori va ikki qizini jamoatchilik nazaridan panada tutib kelmoqda.

“Kreml rahbari yangicha va kutilmagan qarorlar qabul qilishni xush ko‘radi”, — deydi mustaqil ekspert Arkadiy Dubnov. Lekin “yorug‘ sulton” Nazarboyevning bayonotidan so‘ng Kreml rahbarining bunday qarorga kelish istagi imkoniyati ancha qisqardi. Mish-mishlarga ko‘ra, janob Putin korporativ rahbar sifatida Rossiya va Belarus ittifoq davlatini boshqarmoqchi. 24 yildan beri hokimiyatda qolayotgan Aleksandr Lukashenko esa ikkinchi o‘rinda qolishni istamaydi. Lukashenko og‘li hali ancha yosh paytidanoq uni siyosiy maydonga olib chiqa boshlagandi.

Britaniya matbuotida nima gaplar? Tereza May bosh vazirligi nihoyasiga yetmoqda

Tereza Mey Yevropa Ittifoqiga Brexit’ni iyun oyi oxirigacha kechiktirishni so‘rab murojaat qildi. Yevropa Ittifoqi ikki oy muddat berdi.

Foto: Google Photos

The Daily Mail nashrining yozishicha, eng yomoni Tereza Mey hanuz bosh vazir ekanligi, Britaniyaning Brexit’ga o‘xshamagan variantga kelganligi, yoki Brexit jarayonining umuman ro‘y bermasligidir.

Parlamentdagi ayrim Brexit’chi deputatlar hech qanday bitimlarsiz Yevropa Ittifoqidan chiqilsa yomon bo‘lmas edi degan fikrda. Ammo bu yanglish fikrdir.

Deputatlarning uchdan ikki qismi Brexit’ga qarshi. Ular bitimsiz Yevropa Ittifoqidan chiqishga yo‘l qo‘ymaydi.

Brexit’chilar Tereza Mey erishgan bitim yomon ekanini tan oladi, lekin ular imkon berilsa, ovoz berishga tayyor. Brexit’chilar Yevropa Ittifoqidan imkon borida ajrab olmoqchi.

Tereza Mey hozirda o‘z partiyasini to‘liq nazorat qila olmayapti. Parlament uchinchi marta rad javobi bersa, Britaniya hech qanday bitimsiz Yevropa Ittifoqidan chiqadi yoki Brexit uzoq muddatga ortga suriladi.

Tereza Mey endi to‘g‘ridan tog‘ri Britaniya xalqiga yuzlanmoqchi. Bu Britaniya uchun kam kuzatiladigan hodisa. Mey 29-mayda albatta Yevropa Ittifoqidan chiqamiz deb hozirgacha 198 marta va’da bergan. Agarda bosh vazir uchinchi bor parlamentda yutqazsa, uning siyosiy faoliyati tugaydi.