“Daryo” jahon matbuotida oxirgi kunlarda ko‘tarilgan asosiy mavzularga to‘xtalib o‘tadi.

Birinchi raqamli rus xakerlari

Ruslarning Fancy Bear xakerlik guruhi G‘arbda kiberhujumlar uyushtirganlikda aybdor sifatida ko‘riladi. Foto: Getty Images

The Times nashri xabarida keltirilishicha, hukumat tomonidan qo‘llab kelinadigan rus xakerlari G‘arbga dushman bo‘lgan guruhlar orasida o‘z kasbdoshlarining eng kuchlisidir.

Fancy Bears kabi xakerlik guruhlari Yevropa va Amerikadagi hukumat va mudofaa infratuzilmalariga yo‘naltirilgan kiberhujumlarda ayblanadi; bu guruhlar o‘z viruslarini u yoki bu tashkilotning ichki tarmoq kompyuterlariga yuborish va ishdan chiqarish uchun o‘rtacha 18 daqiqa 49 soniya vaqt sarflaydi.

Shimoliy koreyalik xakerlar davlat tizimlarini ishdan chiqarish uchun 2 soat 20 daqiqa vaqt sarflasa, xitoylik xakerlarning bunga 4 soatdan ortiq vaqti ketadi.

Crowdstrike ilmiy tadqiqot kompaniyasi tadqiqotchilari rus xakerlari boshqa mamlakatlik raqobatchilariga nisbatan o‘rtacha 8 soat tezroq ishlashlarini aniqlab hayratga tushgan.

Xakerlar qanchalik tez ishlay olishini shu paytgacha hech kim tadqiq qilmagan. Crowdstrike kompaniyasi 2018-yilda uyushtirilgan 30 mingdan ortiq xakerlik hujumi bilan bog‘liq kiberhujumlarni atroflicha tadqiq qilib chiqdi, deb yozadi The Times.

Kompaniya e’tiroficha, G‘arb va Amerikaga uyushtiriligan kiberhujumlarning aksariyati Xitoy, Eron, Rossiya va Shimoliy Koreyaga borib taqaladi.

Janubiy Koreya, Hindiston, Vyetnam va Pokiston ham xakerlar hujumi borasida mudrab yotgani yo‘q, deb maqolani yakunlaydi The Times.

Brexit’siz yana 21 oy: Bryusselni nima kutmoqda?

Foto: EPA

Britaniyada chop etiladigan The Guardian nashrining xabariga ko‘ra, Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqishini istamayotgan Bryussel Brexit loyihasini 2021-yilgacha kechktirish haqida bosh qotirmoqda.

Nashr muloqot qilgan rasmiylar nazarida, budjet, moliya va chiqish jarayoni sabab Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish masalasi borasida yana 21 oy muhlat berish aqlli qaror bo‘ladi.

Muhlat berilishi uchun, eng avvalo, rasmiy London buni so‘rashi talab etiladi.

Gazetada yozilishicha, ayni paytda Donald Tusk devonxonasiga Britaniya tomonidan bunday ariza kelib tushmagan; buning boisi — Yevroittifoq rahbariyati bunday variantni hozircha o‘ylab ko‘rgani yo‘q.

Brexit masalasini kechiktirish g‘oyasi Dauning-stritda paydo bo‘lgan va bu g‘oya masala bo‘yicha keskin fikrlarni berayotgan ayrim konservativ partiya tarafdorlarini cho‘chitib qo‘yishdan iborat, deyiladi materialda.

Gazeta muloqot qilgan rasmiylar nazdida, Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi borasida keskin fikr bildirayotgan tomonlarning qarashlarini yumshatib, ularning qo‘llab-quvvatlashiga erishishni maqsad qilgan.

Oldin o‘zingga boq, keyin nog‘ora qoq: Rossiya Markaziy osiyoliklarni qo‘rqitib kelmoqda

Frans Klinsevich. Foto: Sputnik

Ko‘p yillardan beri rasmiy rus manbalari Markaziy Osiyo vakillarini Afg‘oniston shimolidan keladigan xavf borasida “ogohlantirib” keladi. So‘nggi urinish AQShdan keladigan xavf haqida bo‘ldi. Bunday xabarlar bilan rusiyzabon nashrlar Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi adovatni kuchaytirishni va o‘quvchilarni adashtirishni niyat qilgan, deb yozadi “Central.Asia-news.com” sayti.

Afg‘oniston faxriylari uyushmasi rahbari, harbiy ekspert va Rossiya hukumatiga yaqin shaxslardan biri bo‘lgan Frans Klinsevich Rossiyaning Sputnik agentligiga bergan intervyusida “Markaziy Osiyo AQSh maxsus kuchlari hujumiga uchraydi”, deb bayonot bergan. Uning nazarida, “AQSh hukumati maxsus kuchlari afg‘onistonlik jangarilarni Markaziy Osiyoda tartibsizlik keltirib chiqarish maqsadida Afg‘oniston shimolida to‘plamoqda”.

Mazkur chiqish O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ham diqqat-e’tiborini tortdi. U “Men 25 yildan buyon Markaziy Osiyodagi tinchlik jangarilar tomonidan barbod bo‘lishi mumkinligi haqida eshitib kelaman”, deya nashrdagi ma’lumotga keskin munosabat bildirgan. Bu O‘zbekiston rasmiylari tomonidan bildirilgan dastlabki norozilik ifodasi bo‘ldi.

Bu Kreml taraf bo‘lgan nashrlarning Markaziy Osiyoni qo‘rqitishga qaratilgan dastlabki harakati emas. Bundan avval ham, 2018-yilning 16-may sanasida Kremlga yaqin bo‘lgan “Russkaya vesna” internet-gazetasida “Jang muqarrar: 5 ming jangari allaqachon O‘zbekistonda” nomli maqola chop etgan edi. O‘zbekiston hukumati bunga raddiya sifatida “Hech qanday jangari Afg‘oniston – O‘zbekiston chegarasida to‘planmayotganligi”ni xabar bergandi.

Rossiya tarafi rus saytlari Markaziy Osiyoning xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanishni Markaziy osiyoliklarning o‘zlariga qo‘yib berib, Rossiyada keng ildiz otib ketgan korrupsiya, iqtisodiy tanglik, sanksiyalar masalasiga ahamiyat qaratishsa yaxshiroq bo‘lar edi.

O‘zbekiston sog‘lom ovqatlanuvchi mamlakatlar indeksiga kira oladimi?

Paelya. Foto: Bloomberg

O‘zbek xalqi go‘sht mahsulotlarini juda yaxshi ko‘radi, har payshanba va yakshanbada zig‘ir yoki qo‘y yog‘iga qilingan palovni iste’mol qilishni xush ko‘radi. Ammo negadir dunyoning eng sog‘lom millatlari ro‘yxatiga kirmaydi.

Bloomberg nashriga ko‘ra,  ispanlar gaspachcho, paelya (guruch, jo‘ja go‘shti, dengiz mahsulotlaridan tayyorlanadigan taom) iste’mol qilgani uchun ham 2017-yili g‘olib bo‘lgan italiyalik “makaronxo‘rlarni” ortda qoldirib, dunyoning eng sog‘lom xalqi bo‘ldi.

Bloomberg o‘tkazgan “Eng sog‘lom mamlakat” indeksida 169 davlat ishtirok etdi. Indeksni tuzish paytida aholining chekishga moyilligi, semirish, atrof muhit, toza ichimlik suvidan foydlanish imkoniyatlari, sanitariya va gigiyena (dush va hojatxonalarning kanalizatsiyalshgani) kiritilgan.

Mazkur reytingda o‘tgan yili birinchi o‘rinni egallagan Italiyani Ispaniya pastga tushirib yubordi. Ispanlar uzoq yashovchilar ro‘yxatida yaponlar va shveysarlargagina yon bermoqda. Vashington universitetining tadqiqotlariga ko‘ra, Ispaniya IHME ko‘rsatkichi bo‘yicha Yaponiya, Singapur va Shveysariyani quvib o‘tadi va u yerda o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 86 yoshga yetadi.

Bloomberg o‘tkazgan tadqiqot eng avvalo aholining ovqatlanish odatlari, kunlik qabul qilinayotgan kaloriyalarni ham hisobga olgan.

Bloomberg nashri “O‘rta Yer parhezi” deb atalgan taomlanish odati tufayli Ispaniya va Italiyada aholi zaytun yog‘i, dukkakli o‘simliklar mevasi bilan ovqatlanishi tufayli yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘riganlar miqdorini kamaytirganini yozadi.

Masalaning bir jihati shuki, sog‘lom ovqatlanish ro‘yxatidagi mamlakatlar qatoridan Osiyoning Yaponiya va Singapur davlatlari ham o‘rin olgan.

O‘zbekiston esa sog‘lom ovqatlanuvchi mamlakatlar qatoriga kiritilmagan.