“Daryo” internet-nashriga Farg‘ona shahri markazidagi eski uylar egalari ko‘chmay turib buzilayotgani yuzasidan murojaat keldi. “Daryo” muxbiri voqea joyida aholi vakillari va shahar hokimligi mutasaddilari bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritdi.

Foto: “Daryo”

Farg‘ona shahri markazida, Alisher Navoiy, Sohibqiron Temur va Farobiy ko‘chalarida o‘ndan ortiq 2 qavatli turar joy binolari mavjud. Mazkur uylarning eng “yangisi” 1945-yilda foydalanishga topshirilgan. Bugungi kunda binolarning tom va pol qismlari chiriy boshlagan, devor, yo‘lak va eshik-romlari ta’mirtalab holatda. Umuman, turar joy binolari eskirgan, mukammal ta’mirga yoki qayta qurishga muhtoj.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

2019-yilning 8-yanvar kuni Farg‘ona shahar hokimi Hamidjon Habibidinovning “Farg‘ona shahar Alisher Navoiy, Sohibqiron Temur va Farobiy ko‘chalar kesishmasida joylashgan 2 (ikki) qavatli ma’nan eskirgan ayrim turar hamda noturar bino va inshootlarni buzish, shuningdek buzilishdan bo‘shagan yer maydonlarini shahar yer zaxira fondiga qaytarish to‘g‘risida”gi 14-sonli qabul qarori qilingan.

Buzilayotgan uylar.
Foto: “Daryo”

Farg‘ona shahar hokimligining qurilish ishlariga mas’ul mutaxassisi bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu qaror asosida dastlab Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan 8 ta turar va 4 ta noturar joy binolarini buzish rejalashtirilgan. Bu borada xonadon egalari belgilangan tartibda ogohlantirilgan. Xonadon egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni uy-joy bilan ta’minlash va yangi manzillariga ko‘chishlarida amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida ishchi guruh tuzilgan.

Buzilayotgan uylar.
Foto: “Daryo”

Shu kungacha buzilishi rejalashtirilgan 8 ta uyda yashovchi 62 oilaning 46 tasi yangi uy bilan ta’minlandi. Ayni paytda xonadon egalari to‘liq ko‘chirib bo‘lingan 5 ta uy buzilmoqda.

Foto: “Daryo”

Uyi buziladigan xonadon egalariga Farg‘ona shahar Registon ko‘chasidagi yangi qurilgan va to‘liq ta’mirdan chiqarilgan 3 va 4-uylardan zamonaviy xonadonlar taklif qilinyapti. Fuqarolarning roziligi bilan yangi xonadonlar ularga rasmiylashtirib berilmoqda.

Foto: “Daryo”

Alisher Navoiy ko‘chasidagi 38-uyda yashardim. Uyimiz buzilishi munosabati bilan bizga Registon ko‘chasidagi yangi qurilgan uylardan xonadon taklif qilishdi. 4-uydagi 19-xonadonga ko‘chib kirdim. 1 xonali uyi borlarga 2 xona, 2 xonali uyi borlarga 3 xona uy berilyapti. Yangi uylarda hamma sharoit bor.

Klara Asanova

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Yangi uylarga ko‘chib o‘tgan ba’zi fuqarolar turar joy binosi tashqi tomoni (fasadi)dagi ayrim kamchiliklarga e’tiroz bildirmoqda.

Foto: Telegram

Kundan kunga qurilishlar ko‘payib boryapti. Qurilish sohasida ham yangi texnologiyalar qo‘llanyapti. Shuning uchun ishimiz mavsum tanlamay qoldi. Kuz, qish oylarida ham binolar qurilyapti. Havo harorati past vaqtda qurilgan binoning ayrim joylarida sho‘rlashish va zax belgilarining paydo bo‘lishi tabiiy hol. Bunday kamchiliklarni binoning tashqi tomonini joriy ta’mirlaganda bartaraf etish mumkin. Qolaversa, Registon ko‘chasidagi kabi yo‘l bo‘yida joylashgan binolarning fasad qismi deyarli har yili hokimiyat ko‘magida ta’mirlanadi.

Ikrom Sa’dullayev, qurilish korxonasi mutaxassisi

Foto: Telegram

Ayrim internet-nashrlarida aholi yangi uylar atrofida maktab, bolalar bog‘chasi, savdo do‘konlari kabi infratuzilma obyektlari yo‘qligidan norozi bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Aslida esa Registon ko‘chasidagi 3 va 4-uylarning birinchi qavati to‘liq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun ajratilgan. Uylar yaqinida “Istiqlol” stadioni, futbol maktabi, “Parvoz” nomli aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab, viloyat Adliya boshqarmasi joylashgan.

Bundan tashqari, aholiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida bu hududda shahar hokimining tegishli qarori asosida 200 o‘rinli bolalar bog‘chasi, yopiq suzish havzasi va avtoturargoh qurilmoqda.