Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanida briket ishlab chiqarish korxonasi qurilishi boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Hududda bu yo‘nalishda ilk bor tashkil qilinayotgan korxonada yiliga 20 ming tonna briket ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

— Seximiz ishga tushgandan so‘ng Qanliko‘l, Shumanay, Xo‘jayli tumanlarining briketga bo‘lgan talabini qondiriladi, — deydi “Briket Shomanay” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Azamat Ablezov. — Korxonada kuniga 70-80 tonna mahsulot ishlab chiqariladi. Briket sanoatidagi asosiy xom ashyo – ko‘mirning VR1, VR2 qumlari Angrendan olib kelinadi. Umumiy qiymati 3 milliard so‘m bo‘lgan loyiha uchun bank krediti ajratilmoqda, shundan uskunalar uchun 501 million so‘m, texnika uchun 550 million so‘m, korxonaning qurilishi uchun esa 1 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda briketga bo‘lgan talab yiliga 41 ming tonnani tashkil qiladi. “Briket Shomanay” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil qilingan sex shuning 20 ming tonnasini yetkazib beradi.